AQSh prezidentligi uchun ilk rasmiy nomzod nomi ma'lum bo‘ldi
AQSh libertarian partiyasi, mamlakatdagi siyosiy kuchlardan birinchi bo‘lib, noyabr oyida bo‘lajak prezidentlik saylovi uchun o‘z nomzodini aniqlab oldi. Nyu-Meksika shtati sobiq gubernatori Geri Jonson ushbu partiyaning nomzodi sifatida ilgari surildi. U 4 yil avval ham prezidentlik saylovida qatnashgan edi.
Partiya s'yezdida Jonsonga safdoshlarining 55,8 foizi ishonch bildirgan. Uning besh raqibini esa, umumiy hisobda kamchilik qo‘llab-quvvatlagan, deb xabar qilmoqda Fox News telekanali.
Odatda libertarianlar saylovlarda g‘alaba qozonish uchun hech qanday imkoniyatga ega emas. Biroq bu safar holat umuman boshqacha. Telekanalning ta'kidlashicha, Jonson ijtimoiy so‘rovlarda 10 foizdan kam olayotgani yo‘q.
Saylovoldi kurashining asosiy namoyondalari respublikachi Donald Tramp va demokrat Hillari Klinton xonimning unchalik ham ishonchga sazovor bo‘lmayotgani hisobga olinsa, Jonson istiqboli ancha yaxshi ko‘rinadi.