Jahon | 17:02 / 30.05.2016
3627
2 daqiqa o‘qiladi

Barselona metrosi xodimlari 4 kunlik ish tashlash o‘tkazmoqda

Barselona metrosi xodimlari, 30 may kunidan 4 kunlik ish tashlashni boshlashdi. 

Yerosti transporti harakati 30 va 31 may hamda 1 va 2 iyun kunlari qisman to‘xtatiladi, deb xabar qilmoqda La Vanguardia.

Kasaba uyushmalari shahar metrosi rahbariyatidan kompaniya ishchilari bilan ish haqini oshirish va uzoq muddatli shartnomalar tuzish imkonini beruvchi bitim imzolashni talab qilmoqda. 

Xabarlarga ko‘ra, ish tashlashning ilk soatlaridayoq (poyezdlar harakati ertalabki tig‘iz vaqtlar soat 7-9 oralig‘ida qisman to‘xtatilgan, ya'ni oraliq vaqti uzaytirilgan), metroda uzun navbat saflari va liq to‘la vagonlarni ko‘rish mumkin bo‘ldi. 

Bu holat shuningdek, 30 may kuni kechki 16dan 18gacha bo‘lgan vaqt mobaynida yana takrorlanadi. 

1 va 2 iyun kungi ish tashlashlarda Barselonada Primavera Sound musiqa festivali bo‘lib o‘tishi kerak. U 15 yildan beri har yili Kataloniya poytaxtida tashkil etadi. 

Qayd etish joizki, bu Barselona metrosining yirik ijtimoiy anjumanlar chog‘ida amalga oshirayotgan birinchi ish tashlashi emas. 22-24 fevral kunlari bo‘lib o‘tgan Xalqaro mobil kongressi vaqtida ham metro kasaba uyushmalari ish tashlash bilan norozilik namoyishini o‘tkazgan edi.