O‘zbekiston | 18:21 / 30.05.2016
7695
3 daqiqa o‘qiladi

Yozgi ta'tilda respublikadagi 1 ming 204 oromgohda 292 mingdan ortiq o‘g‘il-qiz dam oladi

O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan Respublika oromgohlarida bolalarning dam olishini tashkil etish va sog‘lomlashtirish konsepsiyasi asosida o‘quvchilarning joriy yilgi yozgi dam olish mavsumiga har tomonlama puxta hozirlik ko‘rildi. Bu haqda “O‘zA” xabar bermoqda.

   
Barcha turdagi oromgohlar maxsus tavsiyalar, uslubiy qo‘llanmalar, bolalar uchun mo‘ljallangan filmlar, qo‘shiqlar va she'rlar to‘plamidan iborat disklar, madaniy-ma'rifiy va sport tadbirlari uchun ssenariylar bilan ta'minlandi. Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan mavsumga tayyorgarlik ishlari monitoringini olib boruvchi Respublika shtabi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, barcha ishlar muntazam nazorat qilib borilmoqda.  

Joriy yilda mamlakatimizdagi 1 ming 204 oromgohda 292 mingdan ortiq o‘g‘il-qiz dam oladi. Yoz mavsumi davomida barcha hududlarda intellektual rivojlantirish, ekologik-biologik, o‘lkashunoslik, texnik ijodkorlik, badiiy ijodiyot, ijtimoiy moslashuv bo‘yicha  ixtisoslashtirilgan oromgohlar tashkil etiladi. O‘smirlar uchun mehnat va dam olish oromgohlari faoliyat ko‘rsatadi.

Dam olish maskanlarida bolalarning xavfsizligini ta'minlash maqsadida ichki ishlar, yong‘in xavfsizligi, tibbiyot, energetika, kommunal soha xodimlarining tunu kun navbatchiligi tashkil etiladi. 

O‘quvchilar salomatligini muntazam nazorat qilib borish maqsadida oromgohlarda malakali shifokor va hamshiralar, sanitariya-epidemiologiya xizmati mutaxassislari tibbiy xizmat ko‘rsatishi belgilandi. Tez tibbiy yordam mashinalari biriktirilib, har bir oromgohni belgilangan miqdorda dori-darmonlar, maxsus dori vositalari bilan ta'minlash choralari ko‘rildi. 

Oromgohlarga yetkazib berilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining sifati, sanitariya-gigiyena talablariga javob berishi ham qat'iy nazoratga olinadi. Barcha oromgohlar zarur aloqa va transport vositalari bilan ta'minlangan.
 

Mehribonlik uylarining 2 ming tarbiyalanuvchisi, 50 nafar jismoniy imkoniyati cheklangan bola Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan bepul dam oldiriladi. «Mahalla» xayriya jamoat fondi hamkorligida mahallalardagi kam ta'minlangan oilalarning 600 nafar farzandini bepul sog‘lomlashtirish rejalashtirilgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish