Xitoy orbitaga uchta sun'iy yo‘ldosh chiqardi
30 mayda Xitoyning Shansi viloyatida joylashgan Tayyuan kosmodromidan "Chanchjen-4B" raketa tashuvchisi fazoga muvaffaqiyatli uchirildi. Raketa yordamida belgilangan orbitaga uchta – Xitoyning "Tszyyuan-3-02" va Urugvayning ikkita mikro sun'iy yo‘ldoshlari chiqarildi.
Kosmodrom matbuot xizmatining ta'kidlashicha, bu parvoz "Chanchjen" seriyasidagi raketa-tashuvchilarning 228-sonli parvozi bo‘ldi.
"Tszyyuan-3-02" yo‘ldoshi kartografik fuqarolik qurilmasi bo‘lib, yuqori sifatli suratga olish va uch o‘lchamli tasvirlarni yaratishga mo‘ljallangan. Yo‘ldoshning asosiy maqsadi Xitoy yer zaxiralarini tadqiq va monitoring qilish, tabiiy ofatlardan ogohlantirish va ulardan ko‘riladigan ziyonni minimallashtirishda yordam berishdan iborat. Sun'iy yo‘ldosh shahar rejalashtirishi, qurilishda yordam beradi, qishloq, o‘rmon xo‘jaliklarining turli sohalarida foydali bo‘ladi.
Urugvay yo‘ldoshlari nima bilan shug‘ullanishi ma'lum qilinmagan.