O‘zbekiston | 09:55 / 30.05.2016
6196
1 daqiqa o‘qiladi

ShHT sammiti arafasida IIV Toshkentda favqulodda holatlar oldini olish bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazmoqda

Toshkentda iyun oyining oxirida bo‘lib o‘tishi kutilayotgan Shanxay Hamkorligi tashkiloti sammiti oldidan favqulodda holatlarni oldini olish va ularning oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha maxsus taktik o‘quv-mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tmoqda.

"Toshkent shahrida Ichki ishlar bosh boshqarmasi kuchlari tomonidan manfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda favqulodda holatlarni oldini olish va bartaraf etish bo‘yicha maxsus-taktik o‘quv mashg‘ulotlari kompleksi o‘tkazilmoqda", deyiladi IIV sayti xabarida.

O‘quv mashg‘ulotlarining rejasi va tafsilotlari e'lon qilinmagan. Mashg‘ulotlar sammit boshlanishiga qadar davom etishi aytilgan.

O‘tgan dam olish kunlari ushbu o‘quv-mashg‘ulotlari tufayli Toshkentning markaziy ko‘chalaridan bir nechasi vaqtincha yopib qo‘yilgan.