Kreml Turkiya bilan munosabatlarni ishchi guruh vositasida tiklay olmaydi
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning bayonotiga ko‘ra, rasmiy Anqaraning Rossiya bilan munosabatlarni normallashtirish uchun ishchi guruh tuzish taklifi muammoni hal qilmaydi, unga faqatgina Turkiya rahbariyati yechim topa oladi, deb xabar qilmoqda RIA «Novosti».
«Mening fikrimcha, Turkiya tomonining mazkur bayonotiga javobni prezident Putin so‘zlarida topish mumkin. Prezident Putin Rossiya qarashini aniq bayon qilgan edi. U, muammoga barham berish yo‘lida harakatlar amalga oshirilayotgani xususida so‘z yuritib, ishchi guruh masalaga yechim topa olmasligini ta'kidlagandi», — degan Peskov.
Peskovning so‘zlariga ko‘ra, ushbu holatda barcha mas'uliyat Turkiya rahbariyati zimmasidadir.
«Turkiya rahbariyati, prezident Putinning Afinada takror ma'lum qilgan harakatlarni amalga oshirishi mumkin», — deya qayd etgan matbuot kotibi.
Bundan avval, Turkiya bosh vaziri o‘rinbosari No‘'mon Kurtulmush, rasmiy Anqara rus-turk munosabatlarining tezroq normallashuvidan umid qilayotganini bildirgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki mamlakat o‘rtasida hal qilinmaydigan muammo mavjud emas.
Bungacha, Turkiya TIV Mavlut Chavusho‘g‘li Rossiya-Turkiya munosabatlarini tiklash uchun qo‘shma ishchi guruh tuzish taklifini bildirgan edi.