Sport | 15:58 / 30.05.2016
3286
1 daqiqa o‘qiladi

Meksika politsiyasi «Olimpiakos»ning o‘g‘irlab ketilgan futbolchisini ozod qildi

Meksika politsiyasi «Olimpiakos» jamoasining meksikalik legioneri Alan Pulidoning ozod qilingani haqida ma'lum qildi.

Meksika terma jamoasiga nomzod hisoblanuvchi 25 yoshli bu futbolchi sog‘-salomat holda qaytarilgan, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan. Uni qutqarish uchun o‘tkazilgan amaliyot haqida batafsil ma'lum qilinmagan.

Pulido 28 may oqshomida Syudad-Viktoriya shahridagi (Tamaulipas shtati) ziyofatdan qaytishda o‘g‘irlab ketilgandi.

Sportchi kechaga o‘z dugonasi bilan borgan. Bazmdan keyin futbolchi o‘z avtomobilida ketgan. Yo‘lda futbolchining mashinasini bir nechta yuk mashinasi qurshab olgan va jinoyatchilar uni kuch bilan noma'lum tomonga olib ketishgan. 

Futbolchining yonidagi qiz voqea ro‘y bergan joyda qoldirib ketilgandi. Unga ziyon yetmagan.