O‘zbekiston | 17:54 / 30.05.2016
36871
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda namunaviy uylarni ballar asosida sotish tizimi yo‘lga qo‘yilishi mumkin

O‘zbekistonda namunaviy loyiha asosida qurilgan uylar narxi ballar asosida belgilanadi.

Sputnik agentligi xabariga ko‘ra, bugungi kunda bunday uylarning narxi o‘rtacha 200 mln so‘mni tashkil qiladi. Kiritilayotgan ballar tizimi yangi uylarning narxiga shahardan yaqin yoki uzoqda joylashganiga qarab o‘zgarish kiritadi.

"Biz uylarning narxini oshira olmaymiz, chunki ushbu uylar respublikaning turli burchaklarida qurilishiga qaramasdan, bir xil qurilish normativlari asosida barpo etilgan. Kiritilayogan ballar tizimi yerni baholash imkonini beradi. Misol uchun, bugungi kunda Toshkent viloyatida joylashgan uylar Surxondaryo yoki Xorazm viloyatidagi uylardan qimmat turadi. Umuman poytaxtdan yoki shahardan uzoq bo‘lgan yerlar arzon narxlanadi. Uylarning narxi ham shundan kelib chiqadi. Misol tariqasida, uyning shartli narxi Toshkent viloyati uchun 1,5 Qashqadaryo viloyati uchun esa 0,9 koefisentiga ko‘paytiriladi", — deb izoh bergan agentlik suhbatdoshi.

Manbaning fikriga ko‘ra, bu bozor qonunlariga mos bo‘lib, ushbu uylarni keyinchalik qimmatroq narxga sotish uchun sotib olayotgan olibsotarlar faoliyatiga chek qo‘yish uchun xizmat qiladi.

"Biz ushbu uylarni ularga haqiqatdan ham ehtiyoji bo‘lgan fuqarolar sotib olishi uchun imkoniyat yaratmoqchimiz. Shu bilan bir vaqtda namunali uylar bozorida ko‘paygan olibsotarlikka chek qo‘ymoqchimiz. Shu munosabat bilan O‘zbekistonda yil boshidan beri kredit to‘lovlari to‘liq amalga oshirilmagan uylarni olib-sotish butunlay taqiqlangan", — deydi manba.

Bugungi kunda "Qishloq qurilish banki" mutaxassislari yangi ballar tizimini kiritish buyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif tayyorlamoqda. Hukumat tomonidan ushbu taklif ko‘rib chiqilgach, qanday qaror qabul qilinishi haqida taxmin bildirilmagan.

Uning qayd etishicha, yangi tipdagi qishloq uylari qurilishi yangi dizaynlar orqali joriy etiladi. Hozirda Vazirlar Mahkamasining tegishli institutlari shu borada loyihalar ishlab chiqishmoqda. Yil oxirigacha bu borada ham qaror qabul qilinishi kutiladi. Yangi dizaynga ko‘ra, bunday uylarning yashash uchun qismi ikkinchi qavatga joylashtiriladi, birinchi qavat esa savdo nuqtalari, maishiy xizmat ko‘rsatish uylari, mahalla qo‘mitalari uchun yoki boshqa ijtimoiy maqsadlarda foydalaniladi.

Ma'lumot uchun, 2015 yil viloyatning 37 massivida namunaviy loyihalar asosida 1235 ta uy-joylar qurilishi belgilangan. Ayni kunlarda mazkur uy-joylarning aksariyati o‘z egalariga topshirilib, ayrimlarida ishlarni yil oxirigacha yakunlash maqsadida pardozlash ishlari olib borilmoqda.

2016 yilda respublikaning 300ta massivi va 151ta qishloq hududlarida 13 mingta uy qurilishi uchun qariyb 2,5 trillion so‘m yo‘naltirilgan. Qurilish ishlari bilan 2 mingdan ortiq pudratchi tashkilotlar shug‘ullanadi.

2009-2015 yillar mobaynida 1167ta hududda 56557ta namunaviy uy qurilgan.

Yil boshidan buyon "Qishloq qurilish bank" 2,5 mingta uyni foydalanishga topshirgan, yil oxirigacha bunday uylar 8,5 mingtadan oshadi.

Bank 2009 yildan buyon 46391ta shaxsiy turar joy uyi qurilishini moliyalashtirish uchun 5,39 trln so‘m yo‘naltirgan.