Jahon | 19:58 / 31.05.2016
4862
2 daqiqa o‘qiladi

Assanj: terrorchilik bilan kurash Fransiya uchun o‘ta salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin

Fransiya hukumati tomonidan 2015 yildagi teraktlardan keyin terrorchilikka qarshi ko‘rilayotgan faol choralar demokratiya uchun jiddiy tahdid hisoblanadi va bu mamlakat uchun o‘ta salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Bunday fikrni WikiLeaks sayti asoschisi Julian Assanj 31 mayda I-Tele telekanali efirida chiqqan intervyusida bildirdi.  

"Fransiyada favqulodda vaziyatga taalluqli jiddiy muammolar mavjud. Terrorchilikka qarshi kurash bo‘yicha qonunlardan kelib chiquvchi asosiy erkinliklarning buzilishi holatlari mavjud. Biroq Fransiyada terrorchilik muammosi haqiqatda  mavjud, bu esa ba'zi suiiste'molliklarni qandaydir bo‘lsa ham oqlaydi.  Buyuk Britaniyada xuddi shu vaziyat o‘ziga xos tarzda rivojlanmoqda va buni qirollik aholisi qoralamoqda", deb aytdi Ekvadorning Londondagi elchixonasidan turib videoaloqa orqali fransiyalik jurnalistlarga Assanj.  

Assanjning fikricha. Fransiya terrorchilikka qarshi kurashishning ko‘plab yo‘llaridan demokratik davlat uchun eng xavflilaridan birini tanladi. "Juda bahsli narsa aytaman. Terrorchilikni tajovuzkor yo‘sinda yo‘q qilish uchun Fransiya Shengen doirasida odamlarning erkin harakatlanishiga nuqta qo‘ysa, chegaralarda qattiq nazoratni o‘rnatsa bo‘lardi. Liviyaning yo‘q qilinishida ishtirok etmasa, Suriyadagi ixtilofdan chetda qolsa bo‘lardi", deb sanab o‘tdi Assanj.

"Biroq, o‘zining imperializmi va AQShga yoqish istagi sababli Fransiya uchinchi yo‘lni – ommaviy kuzatuvni tanladi. Biroq savol bu kuzatuv terrorchilikka qarshi kurashda qanchalik samarali ekanligida. Juda oz miqdorda foydali. Shu bilan birga bu o‘rta muddatli istiqbolda demokratiya, huquqiy davlat uchun jiddiy xavfdir. Bu terrorchilikning yakka holatlari o‘rniga terrorchilik davlatining vujudga kelishiga olib kelishi mumkin", deb qo‘shimcha qildi Assanj.