Jahon | 08:37 / 31.05.2016
2880
1 daqiqa o‘qiladi

Braziliya aksilkorruptsion boshqarmasi boshlig‘i noroziliklardan keyin iste'foga ketishga ariza berdi

Braziliya aksilkorruptsion boshqarmasi boshlig‘i Fabiano Silveyra Petrobras davlat neft kompaniyasidagi korruptsion jinoyatlarning tergovi bilan bog‘liq mojaro sababli iste'foga ketishga qaror qildi, deb xabar bermoqda Reuters axborot agentligi. 

Amaldorning iste'foga ketishi haqidagi arizasi mamlakat prezidenti lavozimini vaqtinchalik bajarayotgan Mishel Temer ma'muriyatiga kelib tushdi.

Avvalroq Braziliya aksilkorruptsion boshqarmasining yuzlab xodimlari o‘z boshliqlarining iste'foga ketishini talab qilayotganlari ma'lum qilingandi. Rahbar lavozimlarda ishlovchi 250 xodim Silveyra o‘z lavozimini tark etmaguncha o‘z majburiyatlarini bajarishni rad etgan.

12 may kuni Braziliya senati yig‘ilishda mamlakat prezidenti Dilma Russefni vaqtinchalik o‘z lavozimidan chetlatishga qaror qilgan. Russef Petrobras’dagi korruptsion jinoyatlarning tergoviga qarshilik ko‘rsatishda gumon qilinmoqda. Silveyraning nomi ham ushbu tergov bilan bog‘lanmoqda.