Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yozgi mavsumda O‘zbekistondagi oromgohlarda 292 mingdan ortiq o‘g‘il-qiz dam oladi
Joriy yilda O‘zbekistondagi 1204 oromgohda 292 mingdan ortiq o‘g‘il-qiz dam oladi. Bu haqda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi ma'lumotiga asoslanib, UzA xabar bergan.
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan Respublika oromgohlarida bolalarning dam olishini tashkil etish va sog‘lomlashtirish konsepsiyasi asosida o‘quvchilarning joriy yilgi yozgi dam olish mavsumiga har tomonlama puxta hozirlik ko‘rildi.
Yoz mavsumi davomida barcha hududlarda intellektual rivojlantirish, ekologik-biologik, o‘lkashunoslik, texnik ijodkorlik, badiiy ijodiyot, ijtimoiy moslashuv bo‘yicha ixtisoslashtirilgan oromgohlar tashkil etiladi.
Dam olish maskanlarida bolalarning xavfsizligini ta'minlash maqsadida ichki ishlar, yong‘in xavfsizligi, tibbiyot, energetika, kommunal soha xodimlarining tunu kun navbatchiligi tashkil etiladi.
Oromgohlarga yetkazib berilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining sifati, sanitariya-gigiyena talablariga javob berishi ham qat'iy nazoratga olinadi. Barcha oromgohlar zarur aloqa va transport vositalari bilan ta'minlangan.
Mamlakatimizda olib borilayotgan kuchli ijtimoiy himoya siyosati natijasida oromgohlarda bolalarning barchasi imtiyozli dam oladi. Ota-onalar o‘zlari mehnat qilayotgan korxona va tashkilotlar kasaba uyushma qo‘mitasi orqali yo‘llanma narxining o‘rtacha 30 foizini to‘laydi.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlariga bepul yo‘llanmalar ajratilishi rejalashtirilgan. Bunday imtiyozdan bu yil jamoa shartnomalari orqali mehnatkashlarning 40 mingdan ortiq farzandi foydalanadi. “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidan 4,5 ming nafar bola Toshkent shahri va Toshkent viloyati, Jizzax, Samarqand, Qashqadaryo viloyatlarining so‘lim maskanlarida hordiq chiqaradi.
Ayni paytda kasaba uyushmalari tizimidagi “Turon”, “Chinobod”, “Botanika”, “Bo‘ston”, “Oqtosh”, “Kosonsoy”, “Chortoq”, “Chimyon”, “Zomin” va “Sitorai Mohi Xosa” sanatoriyalarida “Ona va bola” yo‘llanmalari asosida 2400 nafardan ortiq bola ota-onalari bilan birga dam oladi.
Maktablar, akademik litsey va kollejlar qoshida kunduzgi oromgohlar tashkil etiladi. Ularda bolalarni kun davomida dam oldirish bilan birga turli madaniy-ma'rifiy tadbirlar o‘tkaziladi. Madaniyat va istirohat bog‘lari, me'moriy obidalar, muzeylar, hayvonot bog‘lariga sayohatlar uyushtiriladi.
Oromgohlarda maxsus dasturlar asosida ko‘ngilochar tadbirlar, sport musobaqalari o‘tkazilib, turli yo‘nalishdagi, jumladan, chet tillarni o‘rgatish bo‘yicha to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Barcha oromgohlardagi kutubxonalar badiiy adabiyotlar, zarur jihozlar, plakatlar, bannerlar bilan ta'minlandi.