Qunduzda Afg‘oniston armiyasi 100 kishini «Tolibon» asirligidan ozod qildi
Afg‘oniston shimoli-sharqida joylashgan Qunduz shahri yaqinida «Tolibon» ekstremistik harakati jangarilari tomonidan qo‘lga olingan 192 kishidan 100 nafari ozod qilindi. Qutqaruv amaliyoti vaqtida asirdagilarning 8 nafari halok bo‘lgan. Bu haqda Qunduz provinsiyasi kengashi raisi Yusuf Ayubiy jurnalistlarga ma'lum qilgan.
Ayubiyning ma'lumotlariga ko‘ra, yana 84 kishi garovda qolmoqda.
Qunduz provinsiyasi kengashi raisining aytishicha, asirlarni ozod qilish bo‘yicha muzokaralarga qabilalar oqsoqollari ham jalb etilgan.
Ayubiyning eslatishicha, avtobuslar yo‘lovchilari 31 may kuni tongida Qunduz provinsiyasining Aliobod uyezdi hududidagi Bog‘lon—Qunduz avtotrassasida garovga olingan edi.
Bundan oldinroq mahalliy nashrlarda toliblar kamida uchta avtobus va o‘nta mashina yo‘lovchilarini qo‘lga olgani haqida yozilgandi. Hujum vaqtida 17 yo‘lovchi o‘ldirilgan.
So‘nggi vaqtlarda faollashib qolgan «Tolibon» harakati tarkibida 40 mingdan 60 minggacha jangari borligi aytilmoqda.
NATO Afg‘onistondagi o‘z missiyasini yakunlaganidan so‘ng toliblar faollashgan va oqibatda mamlakatning ayrim hududlarida vaziyat beqarorlashgan.