Mukarrama Turg‘unboyeva nomidagi milliy raqs ijrochilari ko‘rik-tanlovining mamlakat bosqichi bo‘lib o‘tdi
O‘zbek Milliy akademik drama teatrida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, «O‘zbekraqs» milliy raqs birlashmasi tomonidan Mukarrama Turg‘unboyeva nomidagi milliy raqs ijrochilari ko‘rik-tanlovining mamlakat bosqichi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda «O‘zA» xabar bermoqda.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan o‘n besh nafar yosh raqqosa o‘z iste'dodi va mahoratini namoyish etdi.
Tanlovning hududiy bosqichlarida professional raqs jamoalarida faoliyat ko‘rsatayotgan hamda raqs san'ati bo‘yicha tahsil olayotgan 18 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan iste'dod sohibalari ustoz san'atkorning ijodiy merosini qay darajada o‘rganganini namoyon etdi.
Badiiy jamoalar ijodiy birlashmasi qoshidagi «Navro‘z» ashula va raqs ansambli raqqosasi Durdona Kamolova birinchi o‘rinni egalladi. «Sabo» milliy raqs ansambli raqqosasi Rayona Bahromqulova hamda Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabi talabasi Susanna Useinova ikkinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. «Ayqulash julduzlari» Qoraqalpoq davlat milliy folklor ansambli raqqosasi Aziza Elmuratova va Akademik va xalq badiiy jamoalari qoshidagi «Xorazm raqs» studiyasi raqqosasi Bekajon Sa'dullayeva uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
G‘olib va sovrindorlarga diplom hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.