Iqtisodiyot | 10:50 / 31.05.2016
6356
2 daqiqa o‘qiladi

Polsha Rossiya gazidan voz kechmoqchi

Polsha hukumati Rossiyaning «Gazprom» kompaniyasi bilan tabiiy gaz yetkazib berish bo‘yicha uzoq muddatli yangi shartnoma imzolamoqchi emas. 1996 yilda imzolangan bitim  2022 yilda poyoniga yetadi. Reuters agentligi tomonidan tashkil etilgan Sharqiy Yevropada investitsiyalar sammiti chog‘ida, Polsha hukumatining gaz va energetika infratuzilmalari bo‘yicha vakili Petr Naimskiy shunday bayonot bergan.

Polshaning PGNiG davlat kompaniyasi har yili «Gazprom»dan 10,2 mlrd kubometr gaz xarid qiladi. Polshaning tabiiy gazga bo‘lgan yillik ehtiyoji esa, 15 mlrd kubometrni tashkil etadi. 

«Biz uzoq muddatli shartnomadan voz kechishga harakat qilamiz. Albatta, Rossiya gazining narxi bizni qoniqtirsa xarid qilishimiz mumkin, ammo bu ham uzoq muddatli shartnoma asosida amalga oshirilmaydi», — deb qayd etgan Naimskiy.

Uning qo‘shimcha qilishicha, PGNiG kompaniyasi tabiiy gaz borasida Rossiyaga bog‘liqlikni kamaytirish maqsadida, Norvegiyadan Polshaga gaz quvuri o‘tkazmoqda.