Jahon | 16:47 / 31.05.2016
4349
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Idlibdagi bombardimonga aloqadorligini inkor qildi

Rossiya Mudofaa vazirligi vakili, general-mayor Igor Konashenkov Suriyaning Idlib viloyatida tinch aholi vakillari ustiga berilgan havo zarbalari Rossiya samolyotlari tomonidan amalga oshirilmagani haqida bayonot berdi.

"Rossiya aviatsiyasiga Idlibda hech qanday harbiy amaliyotni, ayniqsa havodan zarba yo‘llash amaliyotini bajarish vazifasi berilmagan", degan u.

Bundan oldinroq Reuters agentligi Rossiya samolyotlari tomonidan berilgan havo zarbalari oqibatida Idlib hududida tinch aholi vakillaridan 23 kishi halok bo‘lgani haqida xabar bergandi.

Xabarda ta'kidlanishicha, bu Rossiyaning harbiy harakatlarni to‘xtatish bo‘yicha fevral oyida tuzilgan sulhidan keyingi eng yirik harbiy amaliyoti bo‘ldi.

"Reuters va Syrian Observatory for Human Rights (huquqiy himoya tashkiloti - tahr) ko‘rinishidagi "britan maxluqlari tandemi"ga tanqidiy ko‘z bilan qarang", deya da'vat etgan general.

Idlib - Suriyadagi "Al-Qoida" bilan aloqador "Front an-Nusra" tashkiloti jangarilari tasarrufidagi yirik shaharlardan biri hisoblanadi.

Rossiya Suriyada IShID jangarilariga qarshi 2015 yilning kuzida harbiy harakatlarga kirishgandi.

AQSh va uning ittifoqchilari ma'lumotiga ko‘ra, Rossiya Suriyada IShIDga qarshi emas, Bashar Asad tuzumi muxoliflariga qarshi kurash olib bormoqda.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish