Jamiyat | 21:13 / 31.05.2016
10666
2 daqiqa o‘qiladi

Sobiq "Miss Turkiya" Erdo‘g‘anni haqoratlagani uchun shartli ravishda ozodlikdan mahrum etildi

2006 yilgi "Miss Turkiya" tanlovi g‘olibi Merve Buyuksarach Istanbul sudi tomonidan 14 oylik shartli qamoq jazosiga hukm qilindi. U mamlakat prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anni ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida haqorat qilishda ayblangan.

Associated Press xabarida aytilishicha, yil boshida u instagramdagi posti uchun sudga chaqirilgandi. U o‘z postida Turkiya madhiyasiga parodiya qilib yozilgan satirik she'rni joylashtirgandi. She'rda davlat rahbarini haqoratlovchi so‘zlar bo‘lgan.

Ayblanuvchi bunday niyatda bo‘lmaganini qayta-qayta ta'kidlagan.

Buyuksarachning advokati sul qarori ustida apellyatsiya yozishi, Strasburgdagi Yevropa sudiga adolat so‘rab murojaat qilishini bildirgan.

Bundan oldinroq, Buyuksarachga Erdo‘g‘anni haqorat qilganlik uchun 2 yillik qamoq jazosi tahdid solayotgani haqida xabar berilgandi.

Turkiya qonunlariga ko‘ra, mamlakat prezidentini haqorat qilganlik uchun 4 yilgacha qamoq jazosi tayinlanishi mumkin.

2014 yildan buyon, ya'ni Erdo‘g‘an prezident bo‘lganidan beri u o‘z obro‘sini saqlash maqsadida 2 mingdan ortiq da'vo qilgan.

Kuzatuvchilarning fikricha, u shu orqali mamlakatda so‘z erkinligini cheklashga harakat qilib kelmoqda va muxoliflarining "unini o‘chirmoqda".