Jamiyat | 17:32 / 31.05.2016
4241
6 daqiqa o‘qiladi

Huquqni himoya qiluvchi xodimlar tomonidan uyushgan giyohvandfurushlar faoliyatiga chek qo‘yildi 

1975 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan Ismat Rasulov (ism-shariflari o‘zgartirilgan) to‘rt nafar farzandning otasi bo‘la turib, noqonuniy ishga qo‘l urdi. U 2015 yilning sentabr oyida Toshkent viloyating Zangiota tumanida joylashgan “Bek-baraka” bozorida noma'lum bir shaxsdan 1500000 so‘m evaziga taxminan 30 gramm opiy giyohvandlik vositasini qonunga xilof ravishda sotib olib, bir bir qismini o‘zida saqlab qo‘yadi. 

1977 yilda tug‘ilgan Farruh No‘'monov esa muqaddam bir necha marta sudlangan bo‘lishiga qaramay, takroran jinoyat sodir etdi. U ham Ismat singari qonunga xilof ravishda giyohvandlik vositalarini sotish maqsadida, 1981 yilda tug‘ilgan Bashir Murtazoyev bilan oldindan til biriktiradi. So‘ng u bilan Yashnabod tumani Xovos ko‘chasida uchrashib, opiy giyohvandlik vositasini sotib olishi uchun Bashirga 1440000 so‘m pulni beradi. B.Murtazoyev ham, o‘z navbatida, Zokir Sayfullayev bilan o‘zoro jinoiy til biriktirib, 2015 yil 27 sentabr kuni Yashnabod tumani Izzat va M.Ashrafiy ko‘chalari kesishmasida u bilan uchrashadi. So‘ng F.No‘'monovdan giyohvandlik vositasi uchun olgan 1440000 so‘m puldan 1000000 so‘mini Z.Sayfullayevga opiy giyohvandlik vositasi sotib olish uchun berib, qolgan 440000 so‘mini esa xizmat haqlari evaziga o‘zoro bo‘lishib olishadi. 

Shundan so‘ng Z.Sayfullayev o‘zining tanishi, ya'ni Shavkat Asrorov bilan uchrashib, B.Murtazoyevdan olgan puldan 1000000 so‘mini unga opiy giyohvandlik vositasini sotib olish uchun beradi. O‘z navbatida, Sh.Asrorov shu kuni 1973 yilda tug‘ilgan, muqaddam bir necha bor sudlangan Inog‘om Tojiyev bilan uchrashib, Z.Sayfullayevdan olgan 1000000 so‘m puldan 700000 so‘mini unga opiy sotib olish uchun beradi. Shavkat qolgan 300000 so‘m pul mablag‘ini inog‘om bilan xizmat haqi evaziga o‘zoro bo‘lishib olishadi.

Undan keyin Inog‘om o‘zini qarindoshi bo‘lmish 1975 yilda tug‘ilgan Abror Hamroyev bilan uchrashib, undan opiy giyohvandlik vositasini topib berishini iltimos qiladi. Unga giyohvandlik vositasini sotib olish uchun Shakvatdan olgan pullardan 700000 so‘mini beradi. O‘z navbatida, Abror Inog‘omovning iltimosiga ko‘ra, opiy topib berishni so‘rab, o‘z tanishi Ilhom Rafiqovga murojaat qiladi. Ilhom unga opiyning har bir grammini 100000 so‘mdan sotishni ma'lum qiladi.
Abror 2015 yilning 30 sentabr kuni Uchtepa tumanidagi 21-mavzeda Ilhom bilan uchrashib, unga Inog‘omdan olgan 700000 so‘m pulni berganda, Ilhom Abrorga bir dona polietilen paketga qadoqlangan 4,53 gramm opiy giyohvandlik vositasini 600000 so‘m evaziga sotib, unga qolgan 100000 so‘m pullarni qaytaradi.

Shundan so‘ng, Abror shu kuni qarindoshi Inog‘om bilan Shayhontohur tumanida joylashgan 1-sonli shahar kasalxonasi oldida uchrashib, opiyni unga o‘tkazib, ortgan pullarni qaytarib beradi. Inog‘om shu kunning o‘zida soat 20:30larda Yashnabod tumani M.Riyoziy mavzesida Shavkat bilan uchrashib, qadoqlangan 4,53 gramm opiyni ilgari olgan pulari evaziga sotadi.

O‘z navbatida, Shavkat o‘sha kuniyoq soat 20:45larda Yashnabod tumani Izzat va M.Ashrafiy  ko‘chalari kesishgan chorraha yaqinida Zokir bilan uchrashib, unga opiy giyohvandlik vositasini ilgari olgan pullari evaziga sotadi.

Zokir esa, o‘z navbatida, soat 21:00 larda ushbu giyohvandlik vositasini Bashirga sotadi. Shundan so‘ng Bashir soat 22:00larda Yashnabod tumani Alimkent ko‘chasida joylashgan do‘kon oldida Farruhga opiyni o‘tkazadi.

1 oktabr kuni soat 15:30larda F.No‘'monov giyohvandlik vositasini qonunga xilof ravishda sotish maqsadida, Chilonzor tumani 16-mavzesida joylashgan uylar yaqinida “Lasetti” rusumli avtomashinada kelib, B.Murtazoyevdan sotib olgan polietilen paketga o‘ralgan “opiy”ni sotmoqchi bo‘ladi. Ammo uni sotmoqchi bo‘lgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi idora xodimlari tomonidan ushlanadi. Farruh o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan holatlarda jinoiy maqsadini oxiriga yetkaza olmay, jinoiy javobgarlikka tortilishdan qutulish maqsadida, cho‘ntagidan o‘tkir tig‘li pichoqqa o‘xshash jismni chiqarib qarshilik ko‘rsatadi. So‘ngra u giyohvandlik vositasini yerga tashlab yuborib, voqea joyidan yashirinadi. O‘z navbatida, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar  xodimlari tomonidan yerga tashlab yuborilgan giyohvandlik vositasi daliliy ashyo sifatida hujjatlashtirib olindi.

2015 yilning 15 oktabr kuni soat 18:40 larda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari tomonidan o‘tkazilgan, giyohvandlik vositalari bilan noqonuniy muomala qilish bilan shug‘ullanuvchi shaxslarni aniqlashga qaratilgan tezkor tadbir jarayonida Uchtepa tumani 21-mavzesidagi uylarning biri oldida I.Rafiqov ushlandi. Uni xolislar ishtirokida tintuv qilinganida, egnidagi sport kostyumining o‘ng tomon cho‘ntagidan “Kent” rusumli sigaret qutisi aniqlanib, ko‘zdan kechirilganda, uning ichida bir dona polietilen o‘ramiga o‘ralgan, jigarrang, o‘tkir hidli modda aniqlandi. U modda daliliy ashyo sifatida hujjatlashtirib olindi.

Shu tariqa giyohvandfurushlarning keyingi faoliyatiga chek qo‘yildi.