Jahon | 10:32 / 31.05.2016
3126
2 daqiqa o‘qiladi

Venesueladagi iqtisodiy inqiroz tufayli Latam bu davlatga aviareyslarni to‘xtatadi

Lotin Amerikasi hududidagi eng yirik aviatashuvchi hisoblanadigan Latam aviakompaniyasi Venesueladagi iqtisodiy inqroz vaziyati tufayli bu mamlakatga parvozlar amalga oshirishni to‘xtatadi.

Bundan oldinroq, Germaniyaning Lufthansa aviakompaniyasi ham shunday qaror qabul qilgandi. Kompaniya bu qarorini Venesuelaga boruvchilar soni kamayib ketgani bilan izohlagandi.

Shuningdek, American Airlines, Air Canada va Alitalia aviakompaniyalari ham Venesuelaga parvozlar amalga oshirishni to‘xtatgan. Venesueladagi  konvertatsiya qoidalari aviakompaniyalarga daromadlarni dollarga aylantirib, mamlakat hududidan tashqariga olib chiqishga imkon bermayapti.

Venesuela iqtisodi mamlakatning asosiy daromad manbai bo‘lgan neftning narxi tushishi tufayli og‘ir ahvolga kelib qolgan.

Venesuelada yuqori inflyatsiya va zarur iste'mol mollari taqchilligi kuzatilmoqda.

Coca-Cola kompaniyasi o‘tgan haftada shakar yetishmasligi tufayli bu mamlakatda ichimliklarini ishlab chiqarishni to‘xtatgani haqida ma'lum qildi. Aprel oyida esa mamlakatdagi eng yirik oziq-ovqat mahsulotlari va ichimliklar ishlab chiqaruvchi Polar Group arpa doni yo‘qligi tufayli pivo ishlab chiqarishni to‘xtatdi.

O‘tgan yili Venesuela YaIMi 5,7 foizga qisqargan, inflyatsiya darajasi 180 foizga yetgan.

Iqtisodiy vaziyatning yomonlashuvi norozilik namoyishlariga sabab bo‘lmoqda. Muxolifat bu muammolar uchun Ugo Chavesning izdoshi Nikolas Maduroni ayblab kelmoqda.

Venesuela TIV bu taqchillik holati AQSh tomonidan davlat to‘ntarilishiga olib kelish maqsadida sun'iy ravishda hosil qilinganini iddao etgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish