Jamiyat | 18:59 / 31.05.2016
5871
2 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxdagi “Forum” majmuasida jazz yulduzi Pet Eplton konsert berdi

Jizzax shahridagi 1-sonli bolalar musiqa va san'at maktabiga germaniyalik mashhur jazz yo‘nalishi xonandasi, “De Phazz” guruhi vokalisti Pet Eplton tashrif buyurdi. Germaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi hamda Madaniyat va sport  ishlari vazirligi hamkorligida tashkil etilgan tadbir viloyatimizda san'at yo‘nalishida tahsil olayotgan yoshlar uchun ajoyib imkoniyat bo‘ldi, deb yozadi kun.uz saytining Jizaxlik jamoatchi muxbiri A.Binokulov. 

Jizzax san'at kollejining Maryam Musurmonova rahbarligidagi orkestri jahon va o‘zbek mumtoz kuylaridan ijro etishganida, Pet Eplton quvonch va hayajondan ko‘zlariga yosh kelganini yashirib o‘tirmadi, deb yozadi muxbirimiz. Kontsertlar zalida Jizzax san'at kollejining estrada san'ati bo‘limi vakillari estrada va jazz yo‘nalishidagi namunalarni mahorat bilan ijro etgan. 

Shundan so‘ng Pet Eplton vokal yo‘nalishida tahsil olayotgan yoshlar bilan master-klass o‘tkazib, ularning ijro mahoratini, ovozni boshqarish, sahna mahoratini baholaydi, mashhur san'atkor bo‘lish uchun zarur bo‘lgan fazilatlarni sanab o‘tadi. 

Shuningdek, poytaxtdan tashrif buyurgan o‘z sohasining mashhur ustalari Ziyodulla Abdullayev urma zarbli cholg‘ular, Ramil Isanbayev bas-gitara, Nodira Meliboyeva chang va Qosimjon Nazarovlar qashqar rubobda kuy ijro etish bo‘yicha o‘quvchilar bilan master-klass o‘tkazishgan.

Pet Epltonning viloyatga tashrifi “Forum” tantanalar majmuasida jonli ijrodagi konserti bilan yakunlangan.