Sport | 11:18 / 01.06.2016
2954
2 daqiqa o‘qiladi

Braziliya 2016 yilgi Olimpiada arafasida Avstraliya, Kanada, Yaponiya va AQSh bilan viza rejimini bekor qildi

Braziliya Rio Olimpiadasi vaqtida sayyohlar oqimini oshirish maqsadida  Avstraliya, Kanada, Yaponiya va AQSh bilan viza rejimini bekor qildi. Bu haqda Frans Press agentligi mamlakat turizm vazirligi ma'lumotiga asoslanib xabar tarqatgan.

Vazirlik xabarida aytilishicha, Braziliya o‘z eshiklarini iqtisodi rivojlangan mamlakatlar aholisi uchun ochadi.

"Bu mamlakatlardan keluvchi sayyohlar mamlakat iqtisodi uchun yordam beradi. Ular mehmonxonalar, restoranlar, avtomobillar prokati, tur agentliklari va boshqa sohalar uchun mablag‘ keltirishadi", — degan Braziliya turizm vaziri Enrike Eduardu Alves.

Uning ma'lum qilishicha, ushbu chora Janubiy Amerika mamlakatiga tashrif buyurishni istovchi sayohatchilar sonini oshirish imkonini beradi.

Avstraliya, Kanada, AQSh va Yaponiya fuqarolari uchun vizalarni bekor qilish haqidagi ko‘rsatma 30 dekabr kuni Braziliya hukumatining rasmiy nashri Diario Oficial’da chop etilgan edi.

Braziliyaga erkin kirish huquqidan mamlakatga 2016 yilning 1 iyunidan 18 sentabriga qadar tashrif buyurgan sayyohlar foydalanishi mumkin. Sayohatchilar uchun vizalar ularning Olimpiada tadbirlari uchun chiptasi bor-yo‘qligidan qat'i nazar talab etilmaydi.

XXXI yozgi Olimpiada 5-21 avgust kunlari Rio-de-Janeyro shahrida bo‘lib o‘tadi. Bu Janubiy Amerikada o‘tkaziladigan ilk Olimpiya o‘yinlariga aylanadi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish