Jahon | 10:45 / 01.06.2016
3934
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy Janubiy Xitoy dengizida havo hujumidan mudofaa hududini tashkil etadi

Rasmiy Pekin Janubiy Xitoy dengizi osmonida havo hujumidan mudofaa tizimi ta'sir hududini tashkil etish niyatida. Bu XXR nazorat qilayotgan tortishuvli orollarni ham o‘z ichiga oladi. Bu haqda, Honkongning yetakchi nashri The South China Morning Post gazetasi, Xitoy xalq ozodlik armiyasi rahbariyatiga yaqin manbasiga tayangan holda xabar qilmoqda. 

Nashrning yozishicha, bunday hududni tashkil etish muddati esa, mintaqadagi xavfsizlik darajasiga bog‘liqdir. 

"Agar AQSh qurolli kuchlari, mazkur hududda Xitoy suverenitetiga tahdid soluvchi qadamlarni amalga oshirishda davom etsa, rasmiy Pekin ushbu dengiz osmonida havo hujumidan mudofaa hududini barpo etishini e'lon qiladi", -degan gazeta manbasi.

O‘z navbatida, XXR mudofaa vazirligi, nashrning so‘roviga javobida, bunday hudud tashkil etish imkoniyatini rad etmagan holda, bu "suveren davlat huquqi" ekanini qayd etgan. 

2013 yil noyabrida rasmiy Pekin Sharqiy Xitoy dengizida xuddi shunday mudofaa hududini tashkil etgan edi. U, tortishuvli ammo amalda Yaponiya boshqaruvidagi Dyaoyuydao (Senkaku) orollarini ham o‘z ichiga olardi. Xitoyning bu siyosati Tokio, Seul va Vashingtonning keskin tanqidiga uchradi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish