Sport | 10:11 / 01.06.2016
6039
2 daqiqa o‘qiladi

Karim Benzema: «Desham tarkib tanlashda fransiyalik irqchilar bosimi ostida qoldi»

«Real» jamoasining fransiyalik hujumchisi Karim Benzema Fransiya terma jamoasi bosh murabbiyi Dide Deshama o‘zini Yevro-2016 uchun tarkibga jalb qilmaganiga munosabat bildirib o‘tdi.

«Desham Fransiyaning irqchilari tomonidan bo‘lgan bosim ostida qoldi. U millatchi ekstremistik partiya keyingi 2 saylovda ikkinchi bosqichga o‘tganidan xabardor. Desham o‘z tanlovini xolisan amalga oshirganmi yoki bunday bo‘lmaganmi, bunisi menga qorong‘u.

Sportchi sifatida men uning qarorini tushuna olmayman. Yuridik jihatdan men hukm qilingan shaxs emasman (Valbuenaning shantaj qilinishi bo‘yicha – tahr), men aybdor deb topilmaganman, sud qarori chiqqani yo‘q.

Men futbolni sevaman va terma jamoada o‘ynashni istayman», – deydi Benzema.

Bundan oldinroq, fransiyalik sobiq futbolchi Erik Kantona Benzema va «Nitstsa» futbolchisi Hotam Bin-Arfa Yevropa chempionatida ishtirok etish uchun Dide Desham tomonidan chaqirilmaganiga sabab sifatida bu futbolchilar asli kelib chiqishi afrikalik ekanini aytgan edi.

Keyinroq, Dide Deshamning advokati Karlos Brusa afsonaviy futbolchi Erik Kantonani bu so‘zlari uchun sudga berishini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, Fransiya futbol federatsiyasi Mate Valbuenani shantaj qilish ishi yuzasidan 2015 yilning dekabrida Benzemani terma jamoadan vaqtincha chetlashtirgandi.

Shuningdek, mart oyida Fransiya apellyatsion sudi hujumchidan Valbuenaga nisbatan tovlamachilik ishi bo‘yicha nazoratni qisman olib tashlagandi. Shunga qaramay, 28 yoshli hujumchi Fransiyaning Niderlandiya va Rossiya termalariga qarshi mart oyida bo‘lib o‘tgan o‘yinlariga chaqirilmagan edi.

Aprel oyida Karim Benzema Yevro–2016 turnirida ishtirok etmasligini ma'lum qildi.