Uyushgan og‘ufurushlar guruhi uzoq yillar ozodlikdan mahrum etish hukmi bilan jazolandilar
2015 yil oktabr oyining o‘rtalarida Burxon Muxtorov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) hamda aka-uka Bekzod va Sharif Mahkamovlar Samarqand viloyatidan marixuana giyohvandlik vositasini olib kelib, Toshkent shahrida qonunga xilof ravishda sotish to‘g‘risida o‘zaro kelishib olishadi. Bu haqda “Ogoh” nashri yozmoqda.
Jinoiy kelishuvga ko‘ra, B.Muxtorov ko‘p miqdordagi marixuanani sotadigan shaxsni topgach, B.Mahkamov bilan birga ulardan mazkur giyohvandlik vositasini sotib olingan marixuanani o‘zlari vaqtincha istiqomat qilib kelayotgan Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi uyiga olib kelib, akasi Sharif bilan birga yashirib qo‘yishlari lozim edi. So‘ngra Bekzod va Shariflar sotib olingan marixuanani xaridor topib sotishgach, olingan pullarni o‘zoro ya'ni Burxon, Bekzod va Shariflar o‘rtasida taqsimlab olishlari kerak edi.
Mazkur jinoiy rejaga ko‘ra harakatlangan Burxon o‘zining tanishi Nurmat Abdujabborovga marixuana giyohvandlik vositasini sotib olmoqchi ekanligini bildirib, taklif bilan murojaat qiladi. Shundan so‘ng, Burxon va Bekzodlar 2015 yilning 21 oktabr kuni Samarqand viloyati Oqdaryo tumanidagi Daxbed qo‘rg‘onida bo‘la turib, u yerda N.Abdujabborov bilan ko‘rishib, undan 4000000 so‘m evaziga ko‘p miqdordagi - taxminan 200 gramm marixuana giyohvandlik vositasini sotib olish to‘g‘risida kelishishadi. Keyin ular Nurmatga sotib olinadigan marixuana uchun mazkur pul mablag‘lari berishadi.
O‘z navbatida, Nurmat Ochil Rahimov ismli shaxs bilan ko‘rishib, u bilan giyohvandlik vositalarini sotish haqida jinoiy til biriktirib, unga Burxon va Bekzodlardan olgan 4000000 so‘m pul mablag‘larini beradi.
Oradan bir necha kun o‘tib, ya'ni oktabr oyining oxirlari, soat 20:30 larda Ochil va Burxonlar bir guruh bo‘lgan holda harakat qilishadi. Shu maqsadni ko‘zlagan holda, Ochil Samarqand viloyati Oqdaryo tumanidagi “Shaxob” kanali yonida muqaddam olgan 4000000 so‘m pul evaziga Burxon va Bekzodga polietilen paketga o‘ralgan ko‘p miqdordagi 198,71 gramm marixuana giyohvandlik vositasini qonunga xilof ravishda sotadi.
O‘z navbatida, Bekzod, Ochil va Burhonlardan sotib olgan marixuanani sotish maqsadida Samarqand viloyatidan Toshkent viloyatiga olib kelib, o‘zi vaqtincha ijarada yashagan Zangiota tumanidagi uyiga yashirib qo‘yadi.
Bekzod, Burxon va Shariflar bilan tuzgan o‘zaro jinoiy rejaga ko‘ra harakat qilib, 2015 yilning 28 oktabr kuni shaxsi noma'lum bir kimsaga giyohvandlik vositasining bir qismini, ya'ni ikki dona gugurt qutilariga solingan 8 gramm va qora polietilen paketga o‘ralgan 50 gramm marixuana giyohvandlik vositalarini 2500000 so‘m evaziga qonuga xilof ravishda sotish haqida kelishishadi.
Shundan so‘ng, Bekzod va Sharif 31 oktabr kuni soat 17:00 larda, bir guruh bo‘lib, muqaddam ishlab chiqilgan rejaga muvofiq, ko‘p miqdordagi marixuana giyohvandlik vositasini sotish maqsadida, Toshkent shahar Chilonzor tumani 16-mavzesida joylashgan internet o‘yingohiga borishadi. Bu yerda Bekzod o‘zoro kelishuvga ko‘ra, marixuana jinoiy sherigi bo‘lmish akasi Sharifga berib, sotib oluvchi shaxsni kutib turganlarida, huquqni muhofaza qiluvchi idora xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir jarayonida ashyoviy dalillar bilan ushlandilar. Ular o‘zlariga bog‘liq bo‘lmagan holatlarga ko‘ra, ko‘p miqdordagi giyohvandlik vositalarini sotishga qaratilgan jinoiy maqsadlarini oxiriga yetkaza olmadilar.
Sud-kimyoviy ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, Sharifdan ashyoviy dalil tariqasida olingan moddalar marixuana giyohvandlik vositasi bo‘lib, ularning og‘irligi 46,35 grammni tashkil etishi aniqlandi.
Bundan tashqari, o‘sha kuni soat 20:10larda huquqni muhofaza qiluvchi idora xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir jarayonida, Bekzod va Sharif vaqtincha yashab kelgan Zangiota tumanidagi uylari xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, u yerdan 6 dona gugurt qutilariga solingan va 4 dona polietilen paketlarga joylashtirilgan moddalar ashyoviy dalil tariqasida olib qo‘yildi.
Sud-kimyoviy ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, ushbu moddalar marixuana giyohvandlik vositasi bo‘lib, ularning og‘irligi 152, 36 grammni tashkil etishi aniqlandi.
B.Muxtorov, aka-uka Mahkamovlar, N.Abdujabborov va O.Rahimovlarga ham jinoyatlariga yarasha sud hukmiga ko‘ra uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.