16:16 / 01.06.2016
5953

O‘zbekistonda eng yaxshi intellektual mulk obekti uchun tanlov boshlandi

O‘zbekiston respublikasi intellektual mulk agentligi mamlakatda ixtirochilik va ilmiy-texnikaviy ijodiyotni rag‘batlantirish, innovatsion faoliyatni rivojlantirish, yangi texnika, texnologiya va raqobatbardosh mahsulotlar yaratishga ko‘maklashish, ilg‘or texnologiyalarni tatbiq etish, ixtirochilik faoliyatini faollashtirish, qo‘llab-quvvatlash, eng yaxshi intellektual mulk obektini aniqlash va huquq egalarini mukofotlash maqsadida ixtiro, foydali model, sanoat namunasi, dasturiy mahsulotlar yo‘nalishlari bo‘yicha yillik tanlov o‘tkazilishini e'lon qildi.

Tanlov joriy yilning 30 mayidan 15 noyabriga qadar 3 bosqichda o‘tkaziladi:
1-bosqich - joriy yilning 30 maydan 1 noyabriga qadar talabnomalar qabul qilish;
2-bosqich - joriy yilning 14 noyabriga qadar Tashkiliy qo‘mita va Tanlov komissiyalari tomonidan tanlov yakunlari bo‘yicha qaror qabul qilish;
3-bosqich - 2016 yilning noyabr oyining oxirida tanlov g‘oliblarini mukofotlash bo‘yicha tadbir marosimini o‘tkazish.

Tanlovda quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha ishtirok etish mumkin:
-    eng yaxshi ixtiro;
-    eng yaxshi foydali model;
-    eng yaxshi sanoat namunasi;
-    eng yaxshi dasturiy mahsulot.

Tanlovga oxirgi 3 yil ichida O‘zbekiston Respublikasi patentini olgan intellektual mulk obektlari hamda milliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan yaratilgan dasturiy mahsulotlar qabul qilinadi.

Avval bo‘lib o‘tgan tanlovlarda sovrinli o‘rinlarni egallagan talabnomalar ushbu tanlovda ishtirok etmaydi.

Tanlov ishtirokchilari quyidagi hujjatlarni taqdim etishlari lozim:
-    Nizomning 1-ilovasidagi shaklga muvofiq tanlovda ishtirok etish uchun ariza; 
-    muhofaza hujjati (lari) nusxasi; 
-    obektning (larning) tavsifi nusxasi;
-    obektdan foydalanish dalolatnomasi yoki obektni foydalanishga tayyorligi to‘g‘risidagi boshqa hujjat (tajriba yoki sanoat sinovi dalolatnomasi, litsenziya shartnomasi, tatbiq qilish dalolatnomasi va sh.k.).

Tanlovda barcha nominatsiyalar bo‘yicha sovrinli 1-3 o‘rinlarni egallagan tanlov g‘oliblari pul mukofotlari bilan taqdirlanadilar hamda ularga tanlov tashkilotchilaridan esdalik sovg‘alari topshiriladi.

Tanlov yakunlari, tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimi to‘g‘risidagi ma'lumotlar Agentlikning rasmiy veb-sayti (www.ima.uz) da e'lon qilinadi.
Tanlovga talabnomalar ish kunlari soat 9.00 dan 17.00 ga qadar quyidagi manzilda qabul qilinadi: Intellektual mulk agentligi (5 qavat), 100000, Toshkent sh., Mustaqillik shoh ko‘chasi, 59, "Eng yaxshi intellektual mulk obekti uchun yillik tanloviga" deb ko‘rsatilgan holda.
Ma'lumot uchun telefonlar: 232-50-50, 232-50-40.

Top