O‘zbekiston | 15:13 / 02.06.2016
5860
16 daqiqa o‘qiladi

Deputatlar Davlat byudjyetining ijrosini ko‘rib chiqishdi

1 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi, unda deputatlar Davlat byudjyetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjyetlarining 2015 yildagi va 2016 yilning 1 choragidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni ko‘rib chiqdi.

Majlisda tegishli vazirliklar va idoralarning rahbarlari, soha ekspertlari, ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirok etdilar.

Mamlakatimiz asosiy moliyaviy hujjatining hisobot davridagi ijrosi yaqinda qabul qilingan «Parlament nazorati to‘g‘risida»gi Qonunga muvofiq oldindan barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari va O‘zbekiston ekologik harakati deputatlar guruhining majlislarida, quyi palataning bir qator qo‘mitalarida hukumat vakillari, Moliya vazirligi, boshqa manfaatdor idoralar rahbarlari ishtirokida muhokama etildi. Muhokama o‘tkazilishidan oldin qo‘shimcha materiallar va ma'lumotlar so‘rab olindi hamda mamlakatimiz asosiy moliyaviy hujjatining ijro etilishi mexanizmini yanada takomillashtirishga qaratilgan talay amaliy takliflar bildirildi.

Kunning birinchi yarmida deputatlar Davlat byudjyetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjyetlarining 2015 yildagi ijrosini ko‘rib chiqdilar. Mazkur masala yuzasidan moliya vaziri R.Azimov ma'ruza qildi, qo‘shimcha ma'ruza bilan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Byudjyet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi raisi A.Shodmonov so‘zga chiqdi.

Ta'kidlab o‘tildiki, hisobot davrida Davlat byudjyeti mamlakatimiz parlamenti tomonidan ilgari tasdiqlangan parametrlarga muvofiq ijro etildi. Davlatimiz rahbari tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2015 yil yanvar oyidagi majlisida belgilab berilgan mamlakatimizni 2015 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturining eng muhim ustuvorliklari aniq maqsadni ko‘zlab amalga oshirilganligi iqtisodiyotning barqaror o‘sishini va makroiqtisodiy barqarorlikni ta'minladi. Yalpi ichki mahsulotning o‘sish sur'atlari 8 foizni tashkil etdi, sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmlari 8 foiz, qishloq xo‘jaligi mahsuloti ishlab chiqarish 6,8 foiz, chakana tovar aylanishi 15 foizdan ziyod, pullik xizmatlar hajmi 10,8 foiz o‘sdi. Mamlakat byudjyeti hisobot davrida profitsit bilan ijro etildi. Inflyatsiya darajasi 5,6 foizni tashkil etdi, ya'ni prognoz parametrlari doirasida bo‘ldi.

Erishilgan natijalar, xalq noiblarining fikricha, iqtisodiyotda ijobiy tarkibiy siljishlarga, sifat o‘zgarishlariga va ijobiy tendensiyalarga, shuningdek samarali pul-kredit va soliq-byudjyet siyosati o‘tkazilishiga xizmat qildi, bular aholining ishda bandligi va daromadlari o‘sishiga yordam berdi.

O‘tgan yili ijtimoiy sohani yanada rivojlantirish, mamlakatimiz aholisining turmushi sifati va darajasini muttasil oshirish masalalariga hukumat tomonidan katta e'tibor qaratildi. Jumladan, 2015 yilda aholi jon boshiga real jami daromadlar 9,6 foiz ko‘paydi, byudjyet tashkilotlari xodimlarining o‘rtacha oylik ish haqi, pensiyalar, ijtimoiy nafaqalar va stipendiyalar miqdori 21,9 foiz o‘sdi.

Davlat byudjyetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjyetlarining 2015 yildagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni har tomonlama muhokama etish chog‘ida barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari va O‘zbekiston ekologik harakati deputatlar guruhining vakillari so‘zga chiqdilar.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan saylangan deputatlar o‘z saylovchilarining manfaatlaridan, partiya dasturining maqsad va vazifalaridan kelib chiqqan holda, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan bozor islohotlarining ustuvor yo‘nalishlari bo‘lgan kichik biznesning rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlik faoliyati erkinligini ta'minlash, davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini qisqartirish muhimligini ta'kidladilar. Mazkur sohaning YaIMdagi ulushi 2000 yildagi 31 foizdan 56,7 foizga o‘sdi. Bugungi kunda sohada butun sanoat mahsulotining uchdan bir qismi va qishloq xo‘jaligi mahsulotining 98 foizi ishlab chiqarilmoqda. Sohada ishda band bo‘lgan aholining 77 foizidan ko‘prog‘i mehnat qilmoqda.

Keyingi besh yilda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash dasturi doirasida mikrofirmalar va kichik korxonalarning ishlab chiqarish hajmi ko‘payib, bu o‘z navbatida, yagona soliq to‘lovi tushumlarining o‘sishiga olib keldi. Soliq yukining muttasil kamaytirilishi, xususiy tadbirkorlik sub'yektlariga berilgan bank kreditlari ko‘paytirilishi kichik biznesning jadal rivojlanishiga ijobiy ta'sir ko‘rsatdi. Bu iqtisodiyotning ko‘pgina sohalari va tarmoqlarini rivojlantirishda muhim o‘rin tutdi.

So‘zga chiqqanlar iqtisodiy muhitni bozor talablari asosida tashkil etishga, hududlarning ishlab chiqarish va resurs salohiyatidan oqilona foydalanishga, qishloq xo‘jaligi mahsulotini qayta ishlash sohasida yuqori texnologiyali kichik sanoat korxonalarini rivojlantirishga alohida e'tibor qaratdilar.
Fraksiya a'zolari ta'kidlab o‘tdilarki, meliorativ obektlarni, shu jumladan ochiq va yopiq gorizontal drenajlar, meliorativ nasos stansiyalari hamda boshqa muhim meliorativ va gidrotexnika inshootlarini qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha yil davomida amalga oshirilgan chora-tadbirlar qishloq xo‘jaligi mahsulotini tayyorlash, sanoat miqyosida qayta ishlash hajmlarini ko‘paytirishga, uni saqlash infratuzilmasini rivojlantirishga ko‘maklashdi.

«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasining a'zolari partiyaning dasturiy maqsadlari va vazifalariga tayangan holda, Davlat byudjyeti asosiy parametrlarining ijrosini ta'minlashda iqtisodiyotni rivojlantirish, diversifikatsiya qilish va tarkibiy jihatdan o‘zgartirishning «o‘zbek modeli» asosida bozor munosabatlarini bosqichma-bosqich rivojlantirishga, ishlab chiqarishga yangi, ilg‘or texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan izchil islohotlarga e'tibor qaratilganligini, bu esa jahon maydonida milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirishga ko‘maklashayotganligini alohida ta'kidladilar. Bu mamlakatimiz Prezidenti tomonidan belgilab berilgan 2015 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning ustuvor yo‘nalishlari va vazifalari tizimli ravishda amalga oshirilayotganligidan, iqtisodiyotning yuksak o‘sish sur'atlari ta'minlanayotganligidan dalolat beradi.

Mamlakatimizning tarixiy-me'moriy, gumanitar merosini asrash va saqlash uchun xarajatlarning hajmlari ko‘paytirildi. Ana shu maqsadlar uchun Davlat byudjyetidan sarflangan mablag‘lar yurtimiz madaniy va arxeologik merosi obektlarini ta'mirlash hamda konservatsiya qilish bo‘yicha dasturlar ijrosini ta'minlashga xizmat qiladi. Shu munosabat bilan fraksiya deputatlari mahalliy byudjyetlardan ajratilayotgan mablag‘larning sarflanishi ustidan parlament nazoratini kuchaytirishga chaqirdilar. «O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan» tamg‘asi ostidagi mahsulotni jahon bozoriga chiqarishga, shuningdek import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarayotgan mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga doir tizimli chora-tadbirlarni davom ettirish zarurligiga ham alohida e'tibor qaratildi.
Deputatlar Byudjyet kodeksining qoidalarini amalga oshirish, moliya intizomiga rioya etilishini ta'minlash, mazkur sohada byudjyet tashkilotlari va byudjyetdan mablag‘lar oluvchi tashkilotlar mansabdor shaxslarining javobgarligini oshirish masalalari yuzasidan ham amaliy takliflar bildirdilar.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasidan so‘zga chiqqanlar o‘tgan yilda ijtimoiy sohani yanada rivojlantirish, mamlakatimiz aholisining daromadlari va turmush darajasini muttasil oshirib borish masalalari hukumatning diqqat markazida bo‘lganligini qayd etdilar. Hisobot davrida ijtimoiy soha va aholini ijtimoiy muhofaza qilish xarajatlarini Davlat byudjyetidan moliyalashtirish hajmi umumiy xarajatlar hajmining 58,8 foizini tashkil etdi.

Xalq demokratik partiyasi deputatlari o‘tgan yilda ijtimoiy sohaga va aholini ijtimoiy himoya qilish chora-tadbirlariga ajratilgan byudjyet mablag‘laridan maqsadli va aniq yo‘naltirilgan holda foydalanilganligini, Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi daromadlari shakllanganligini hamda uning xarajatlaridan samarali foydalanilganligini ta'kidladilar. 2015 yilda kadrlarni qayta tayyorlash, haq to‘lanadigan jamoatchilik ishlariga jalb qilish va ishsizlik nafaqalarini to‘lash yo‘li bilan jamg‘arma mablag‘lari hisobidan 4,4 mlrd. so‘m miqdorida moddiy yordam ko‘rsatilgan.

Ayrim byudjyet tashkilotlarida va byudjyetdan mablag‘ oluvchi tashkilotlarda byudjyet mablag‘laridan maqsadsiz va samarasiz tarzda foydalanish holatlariga yo‘l qo‘yilayotganganligidan kelib chiqqan holda, deputatlar markazda va joylarda byudjyet mablag‘larining samarali hamda maqsadli sarflanishini ta'minlash borasida davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining mas'uliyatini oshirish, shuningdek Byudjyet kodeksi normalari va qoidalarining ijrosi ustidan nazoratni yanada kuchaytirish bo‘yicha bir qator tavsiyalar bildirdilar.

O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi a'zolarining fikriga ko‘ra, 2015 yilda iqtisodiy dasturning tizimli ravishda ijro etilishi natijasida asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning ijobiy o‘sishi ta'minlandi, iqtisodiyotning barcha sohalari va tarmoqlarini yanada muvozanatli rivojlantirish uchun mustahkam asos yaratildi. Bunda Davlat byudjyeti profitsit bilan va Oliy Majlis palatalari tomonidan tasdiqlangan ko‘rsatkichlarga muvofiq ijro etildi.

Ilm-fanni rivojlantirishga katta e'tibor qaratilganligi, bu esa mamlakatimizda innovatsion iqtisodiyotni yaratish bo‘yicha aniq maqsadga yo‘naltirilgan ishlardan dalolat berishi alohida e'tirof etildi. Xususan, hisobot davrida ilm-fanni rivojlantirishga 2014 yilning xuddi shu davridagiga nisbatan 15,9 foiz ko‘p mablag‘ ajratildi. Bunda tarmoqlar bo‘yicha davlat ilmiy-texnika dasturlarining ustuvor yo‘nalishlarini moliyalashtirishga 137,4 milliard so‘m yo‘naltirildi.

Innovatsion ishlanmalar dasturlarini moliyalashtirishga, noyob obektlarni va ilm-fanga xizmat ko‘rsatuvchi muassasalarni saqlash xarajatlariga, ilm-fanni rivojlantirish bilan bog‘liq boshqa xarajatlarga ham katta miqdorda mablag‘lar ajratildi. Bu partiyaning dasturiy maqsadlariga to‘liq mos kelib, partiya doimo ilm-fanga e'tiborni kuchaytirish, uning yutuqlarini ishlab chiqarishga va kundalik hayotga faol tatbiq etishni yoqlab chiqqan.

Fraksiya a'zolari davlat ilmiy-texnika dasturlarining, sohalar bo‘yicha fundamental va amaliy tadqiqotlarning, shuningdek innovatsion ishlanmalar dasturlarining ustuvor yo‘nalishlarini moliyalashtirishni yanada maqbullashtirish yuzasidan takliflar bildirdi.

O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhi a'zolari atrof- muhitni va aholi sog‘lig‘ini muhofaza qilish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlari qatoriga kiritilganligini ta'kidlab o‘tdilar. Shu bois O‘zbekistonda mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlab tabiiy resurslardan oqilona foydalanishga, xozirgi va kelgusi avlodlar uchun atrof-muhitni saqlashga qaratilgan yo‘l tanlab olingan edi.

Majlisda deputatlar guruhi a'zolari mamlakatimizda atrof-muhitni va aholi sog‘lig‘ini muhofaza qilish vazifalarini hal etish bo‘yicha qabul qilinayotgan chora-tadbirlarni ijobiy baholadilar. Xususan, 2015 yilda atrof-muhitni muhofaza qilish uchun Davlat byudjyeti xarajatlari 699,9 milliard so‘mni tashkil etdi. Shu jumladan, suv va yer resurslarini muhofaza qilishga 18,6 milliard so‘m, o‘simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilishga 7,1 milliard so‘m va bioxilma-xillikni saqlash uchun 7,3 milliard so‘m ajratilgan.

Muhokama davomida bildirilgan fikr-mulohazalar va takliflarni inobatga olgan holda, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Vazirlar Mahkamasining O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjyetlarining 2015 yildagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotini tasdiqlash haqida tegishli qaror qabul qildi.

Kunning ikkinchi yarmida deputatlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjyetlarining 2016 yil birinchi choragidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni ko‘rib chiqdilar. Ushbu masala yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi moliya vazirining o‘rinbosari M.Mirzayev ma'ruza bilan so‘zga chiqdi.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 15 yanvarda Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma'ruzasida mamlakatimizda boshlangan tizimli demokratik islohotlarning va modernizatsiyalashning, iqtisodiyotdagi, birinchi navbatda, sanoat va qishloq xo‘jaligidagi chuqur tarkibiy o‘zgarishlarning so‘zsiz davom ettirilishi, xususiy mulk, tadbirkorlik va kichik biznesning ildam rivojlanishi va ushbu soha sub'yektlari manfaatlarining himoya qilinishi, makroiqtisodiy barqarorlikning ta'minlanishi 2016 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvorligi bo‘lishi kerakligi qayd etib o‘tildi.
Majlisda Davlat byudjyetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjyetlarining hisobot davridagi ijrosi O‘zbekiston Respublikasining Byudjyet kodeksi asosida Oliy Majlis va davlatimiz rahbarining tegishli qarori bilan tasdiqlangan ko‘rsatkichlarga muvofiq amalga oshirilganligi ta'kidlandi. Davlat byudjyeti profitsit bilan ijro etildi.

Iqtisodiyotning barqaror yuqori o‘sish sur'atlarini ta'minlovchi strategiyaning amalga oshirilishini davom ettirish va buning uchun iqtisodiyotning mavjud zahiralari va imkoniyatlarini jalb etish mamlakatimiz YaIMining 7,5 foiz oshishini ta'minladi. Bunda inflyatsiyaning past darajasi makroiqtisodiy barqarorlikni yanada mustahkamladi.

Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi – 7 foiz, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish – 6,7 foiz, xizmatlar hajmi – 12,1 foiz, chakana savdo aylanmasi hajmi – 12,8 foiz o‘sdi.

Yil boshidan buyon mintaqalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hududiy dasturlarini amalga oshirish doirasida qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo‘yicha zarur muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmaga ega bo‘lgan 13 mingta yakka tartibdagi yangi shinam uy-joylar qurilishi boshlangan.

Ko‘rilayotgan tizimli chora-tadbirlar faqat hisobot davrida 8,4 mingtadan ortiq yoki 2015 yilning shu davridagiga qaraganda 5,5 foiz ko‘p yangi kichik biznes sub'yektlarini tashkil etish imkonini berdi. Kichik biznes sub'yektlariga ajratilgan bank kreditlari hajmi 2015 yilning birinchi choragidagiga nisbatan 1,3 barobar oshdi.
Aniq maqsadga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar kompleksini amalga oshirish natijasida 167,4 mingtadan ortiq yangi ish o‘rinlari tashkil etildi, ulardan 57,7 foizi qishloq joylarda tashkil etildi.

Oilani, onalik va bolalikni muhofaza qilish tizimini yanada mustahkamlashga, onalar va bolalarni tibbiy parvarish qilish darajasi va sifatini oshirishga yo‘naltirilgan «Sog‘lom ona va bola yili» Davlat dasturi tadbirlari faol amalga oshirilmoqda. Dastur tadbirlarini moliyalashtirish uchun joriy yilning birinchi choragida barcha manbalar hisobidan qariyb 1,3 trillion so‘m miqdorida mablag‘ ajratildi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjyetlarining 2016 yil birinchi choragidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni har tomonlama muhokama qilish chog‘ida barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari va O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhining vakillari so‘zga chiqdilar. Deputatlar joriy yilda Davlat byudjyeti ko‘rsatkichlarining barcha davlat va xo‘jalik organlari tomonidan so‘zsiz va aniq ijro etilishi zaruratini ta'kidlab o‘tdilar.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Davlat byudjyetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjyetlarining 2016 yil birinchi choragidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni tasdiqlash haqida qaror qabul qildi.