Jahon | 17:54 / 02.06.2016
7505
2 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘an: Armanlar genotsidi tan olinishi Berlinning Anqara bilan munosabatlariga jiddiy ta'sir qiladi

Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Germaniya parlamenti tomonidan armanlar genotsidi tan olinganiga munosabatini bildirib o‘tdi. U bu voqea Turkiya va Germaniya o‘rtasidagi munosabatlarga jiddiy darz yetkazishi tayin ekani haqida gapirgan.

"Bu qaror Anqara va Berlin munosabatlariga jiddiy ta'sir ko‘rsatadi. Bizning birinchi qadamimiz, Berlindagi elchini maslahatlashuv uchun chaqirib olish bo‘ldi. U bilan maslahatlashilgach, vaziyatni baholaymiz", degan u.

Shuningdek, Turkiyadagi Germaniya elchisi vaziyat yuzasidan tushuntirish uchun Turkiya TIVga chaqirilgan.

Bugun bundestag Usmonlilar imperiyasi davrida qariyb 2 million armanning o‘ldirib yuborilganini tan olishni bildiradigan "1915–1916 yillarda Usmonli saltanatida armanilar va boshqa xristian kamchiliklarning genotsidi xotirasiga" nomli rezolyutsiyani qabul qildi. Bundestagning 630 nafar deputatidan faqat biri bu rezolyutsiyaga qarshi ovoz bergan.

Armaniston tomoni va ko‘pgina tarixchilar 1915 yilda 2 millionga yaqin arman Usmonlilar imperiyasi tomonidan o‘ldirib yuborilganini aytishadi.

Turkiya 1915 yilda yuz bergan hodisalarni Usmonli sultonligining armanlarni yo‘q qilishga qaratilgan siyosati emas, balki urush oqibati deb biladi va genotsid faktini rad etadi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish