Infantino 90 kunga lavozimidan chetlatilishi mumkin
FIFA prezidenti Janni Infantino 90 kun muddatga o‘z lavozimidan chetlatilishi mumkin. Bu haqda Die Welt xabar tarqatgan.
Infantino hiylagarlik va maxfiy kelishuvlar tuzishda gumon qilinmoqda. Shuningdek, u FIFA qoidalariga amal qilinishini tekshirish va nazorat qilish bilan shug‘ullangan qo‘mita rahbari Domeniko Skalaning iste'fosiga erishgan. Skala shu yilning may oyida iste'fo bergandi.
FIFAning Axloq ishlari bo‘yicha mustaqil qo‘mitasi ushbu shveysariyalik futbol amaldorini FIFAning may oyida Mexikoda o‘tkazilgan majlisi audioyozuvlarini o‘chirtirib yuborgani uchun chetlatishi mumkinligi aytilgan.
Nemis nashrida yozilishicha, bu ma'lumotlar jurnalistlarga FIFA mulozimlarining maxfiy yozishmalari kelib tushishi ortidan paydo bo‘lgan.
Ayni vaqtda qo‘mita bu yozishmalar haqiqiyligini tekshirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 46 yoshli Infantino shu yilning 26 fevralida FIFAning yangi rahbariga aylangandi.