Olimpiya o‘yinlariga serfing va skeytbording kiritilishi mumkin
Olimpiya o‘yinlari o‘z shiori ostida borgan sari ko‘proq sport turlarini birlashtirmoqda: kechagina yoshlar bir qiziqish sifatida shug‘ullanib yurgan mashg‘ulotlar uchun bugungi kunda oltin medal olish mumkin. Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi 2020 yilgi musobaqalar dasturiga yana 5 ta sport turini kiritishni tavsiya qildi.
Sportchilar 2020 yilda Tokioda bo‘lib o‘tadigan yozgi Olimpiadaga beysbol/softbol, karate, serfing, qoyaga chiqish va skeytbording bo‘yicha tayyorlanishlariga to‘g‘ri kelishi mumkin. Olimpiada tashkilotchilari bu sport turlari bo‘yicha umumiy medallar to‘plami sonini 18 taga baholashdi, deb xabar bermoqda Reuters axborot agentligi.
Yangi sport turlarining kiritilishi bo‘yicha yakuniy qaror XOQning avgustda Rio-de-Janeyroda bo‘lib o‘tadigan sessiyasida qabul qilinadi. Agar qaror ijobiy bo‘lsa, unda yozgi Olimpiya o‘yinlari soni yana beshtaga ko‘payib, umumiy miqdori 33 taga yetadi.
Hozirda Yozgi Olimpiada dasturiga kiritilgan 28 ta sport turi (41 ta yo‘nalish) quyidagilar: akademik eshkak eshik (FISA); badminton (BWF); basketbol (FIBA); boks (AIBA); kurash (FILA): erkin kurash, yunon-rum kurashi; velosport (UCI): BMX, velotrek poygalari, tog‘ velosipedi (mauntinbayk), shosse velosporti; suv sporti turlari (FINA): suv polosi, suzish, suvga sakrash, sinxron suzish; voleybol (FIVB): voleybol, plyaj voleyboli; gandbol (IHF); gimnastika (FIG):sport gimnastikasi, badiiy gimnastika, batutada sakrash; golf (IGF); baydarka va kanoeda eshkak eshish (ICF): baydarka va kanoeda eshkak eshish, slalom eshkak eshish; dzyudo (IJF); ot sporti (FEI): badiiy chiqish, konkur, uch kurash; yengil atletika (IAAF); stol tennisi (ITTF); yelkanli sport (ISAF); regbi (IRB); zamonaviy besh kurash (UIPM); otish (ISSF); kamondan otish (FITA); tennis (ITF); triatlon (ITU); txekvondo (WTF); og‘ir atletika (IWF); qilichbozlik (FIE); futbol (FIFA); chim ustida xokkey (FIH).