Iqtisodiyot | 20:19 / 02.06.2016
4159
1 daqiqa o‘qiladi

OPeK a'zolari yangi bosh kotibni saylashdi

2 iyun kuni Avstriya poytaxti Vena shahrida OPeK konferensiyasi ochildi. Unda Nigeriya vakili OPeKning yangi bosh kotibi bo‘ldi.

Reuters agentligining xabariga ko‘ra, kartelga Nigerian National Petroleum Corp. (NNPC) sobiq rahbari (2009-2010 yillar) Muhammad Barkindo bosh kotib etib saylangan.

Barkindo o‘zining yangi lavozimida 1 avgustdan ishga kirishadi va 3 yil davomida shu lavozimda faoliyat ko‘rsatadi.

OPeKning amaldagi raisi, 2007 yildan buyon shu lavozimda ishlab kelgan Abdulla Salim al-Badrining vakolati dekabrda tugagandi, ammo yangi bosh kotib nomzodi bo‘yicha kelishuvga erishilmagani bois u 2016 yilning iyunigacha bosh kotib vazifasini bajaruvchi etib tayinlangandi.

OPeKning keyingi, 170-majlisi shu yilning 30 noyabrida Vena shahrida bo‘lib o‘tadi.