Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Politsiyachilar do‘pposlagan afroamerikalik 22 mln dollar tovon puli oladi
Ist-Klivlend shahri sudi qaroriga ko‘ra, politsiya xodimlari tomonidan ayovsiz do‘pposlangan Ohayo shtati fuqarosi, afroamerikalik Arnold Blek 22 mln miqdorida tovon puli oladigan bo‘ldi, deb xabar qilmoqda Fox News telekanali.
Voqea Amerikaning Ohayo shtatida sodir bo‘lgandi. O‘shanda, 48-yoshli qoratanli fuqaro 2012 yilda politsiyachilar tomonidan ayovsiz kaltaklangan edi. Blekning so‘zlariga ko‘ra, politsiyaning ikki nafar xodimi uning avtomobilini to‘xtatib, Blek giyohvand moddalarni tashishda gumon qilinayotganini aytishgan va qo‘liga kishan taqishgan. Keyinroq, huquq posbonlaridan biri mast holda uni ura boshlagan. Shundan so‘ng, politsiya bo‘linmasiga olib borilgan va 4 kun mobaynida ovqatsiz va suvsiz hibsda saqlangan.
Yonidan giyohvand modda topilmagan Blek hibsdan chiqqach, tovon puli talab qilib, Ist-Klivlend shahar ma'muriyati ustidan sudga murojaat qilgan. Jabrlanuvchi advokatlarining so‘zlariga ko‘ra, erkak kishi yovsiz kaltaklangandan so‘ng, qisman xotirasini yo‘qotishdan aziyat cheka boshlagan va bosh miyasida jarrohlik amaliyotini ham o‘tkazgan.
Hakamlar sudi Arnold Blek yonini olgan va unga tovon puli to‘lash to‘g‘risida qaror chiqargan. Shahar ma'muriyati o‘z navbatida, yuqori sud instansiyasiga arz qilishini bildirmoqda. Arnoldni urgan ikki politsiyachi esa, ayni vaqtda Ist- Klivlend huquq-tartibot idorasida ishlamaydi, deb xabar qiladi telekanal.