Jamiyat | 15:25 / 02.06.2016
12812
2 daqiqa o‘qiladi

': Rossiyaliklar davlatning asosiy dushmanlarini sanashdi

Rossiyaliklar AQSh, Ukraina va Turkiyani davlatning eng asosiy dushmanlari deb hisoblashadi. Bu haqda «Levada-sentr» ma'lumotlariga asoslanib, «Kommersant'» xabar tarqatdi.

Aniqlik kiritilishicha, Rossiya fuqarolarining aksariyati (72 foiz) AQShga dushmanona kayfiyatda. Bu borada ikkinchi o‘rinda Ukraina (48 foiz) qayd etilgan. Bu kuzatuvlar tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkich (2015 yilda 37 foiz).

So‘rovnoma natijalari 39 foiz kishi Turkiyani Rossiyaning dushmani deb bilishini ko‘rsatgan. 1 yil oldin, Su-24 samolyoti urib tushirilishidan muqaddam o‘tkazilgan so‘rovnomaga ko‘ra, Turkiyani dushman davlat deb biluvchilar 1 foiz edi.

Fuqarolar Rossiyaning asosiy do‘stlari sifatida Belarus (50 foiz), Qozog‘iston (39 foiz) va Xitoy (34 foiz) kabi mamlakatlarni keltirishgan. Xitoyga qarash o‘zgargan, o‘tgan yilgi so‘rovnomada bu ko‘rsatkich 43 foiz edi.

Bundan tashqari, rossiyaliklarning 10 foizi Suriyani do‘st deb biladi, o‘tgan yili bundaylar miqdori 2 foiz edi.