“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi tomonidan “Har bir farzandga mehr, e'tibor!” xayriya aksiyasi o‘tkazildi
“Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni” birinchi xalqaro bayramlardan biri bo‘lib, uni o‘tkazish haqidagi qaror 1949 yili Xalqaro ayollar demokratik federatsiyasining maxsus sessiyasida qabul qilingan. Bayram sifatida esa 1950 yildan beri nishonlanib kelinadi. 1989 yili “Bola huquqlari to‘g‘risidagi Konventsiya” qabul qilinadi. Bu qonun hujjati 1990 yildan kuchga kirdi. Shuni aytish lozimki, O‘zbekistonda har bir bolaga alohida e'tibor beriladi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 07-20-7-sonli 4 may 2007 yildagi topshirig‘iga binoan “O‘zbekistonda bolalar farovonligini ta'minlash bo‘yicha Harakat Dasturi” va boshqa qonun hujjatlari bolalarni har tomonlama himoya qilish, ularning barkamol bo‘lib voyaga yetishlariga qaratilgandir. Prezident Islom Karimov ta'kidlaganidek, “Sog‘lom avlodni tarbiyalash barchaning, butun jamiyatning, shu yurtda yashaydigan har bir insonning asosiy ishi, insoniy burchidir”.
“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi barkamol avlod tarbiyasi, iste'dodli yosh avlodni qo‘llab-quvvatlash, ota-ona mehridan bebahra bolalarga mehr ko‘rsatishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. 1 iyun “Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni”ga bag‘ishlab qator tadbirlarni amalga oshirmoqda. Bu kabi tadbirlar o‘ziga xos sarhisob bo‘lib, nafaqat bayram arafasida, balki yil davomida o‘tkaziladi.
O‘z navbatida, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2016 yil 21 maydagi 14-07/1-88-sonli tasdiqlangan 1 iyun Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan “Har bir bolaga mehr, e'tibor” shiori ostida maxsus 10 kunlikni tashkil etish to‘g‘risidagi 16-sonli majlis bayonnomasi ijrosini ta'minlash maqsadida 2016 yilning 2 iyun kuni soat 09:00 dan 13:00 gacha “Sog‘lom avlod uchun” fondi O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi hamda Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirliklari, Respublika “Sen yolg‘iz emassan” bolalar jamoatchilik jamg‘armasi, Toshkent shahri va viloyati hokimliklari hamkorlikdagi an'anaviy tadbirlardan biri “Mehribonlik” uylari tarbiyalanuvchilari uchun Toshkent shahridagi “Toshkent-Lend” bolalar istirohat bog‘ida xayriya tadbirini o‘tkazdi. Bayram tadbirida Toshkent (14 va 15-sonli “Mehribonlik” uylari) va Sirdaryo (Guliston bolalar shaharchasi) viloyatlari hamda Toshkent shahridagi (21, 22, 23 va 30-sonli “Mehribonlik” uylari va SOS O`zbekiston Bolalar mahallalari) jami 1000 nafarga yaqin “Mehribonlik” uylari tarbiyalanuvchilari hamda Mudofaa va Ichki ishlar vazirliklari tizimida o‘z xizmat burchini bajarish vaqtida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning farzandlari, ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan, kam ta'minlangan oilalar farzandlari uchun barcha ko‘ngilochar atraktsionlar bepul tashkil etiladi. Homiylar (Toshkent shahar hokimiyati tomonidan 1000 dona ichimlik va Toshkent viloyati hokimiyati tomonidan esa 1000 dona muzqaymoq) tomonidan bepul muzqaymoqlar va salqin ichimliklar berildi.