“Shunqorlar” harbiy-sport musobaqasining mamlakat bosqichi yakunlandi
Jizzaxda o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida “Shunqorlar” harbiy-sport musobaqasining mamlakat bosqichi yakunlandi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan 14 jamoa tarkibida 140 nafar o‘quvchi ishtirok etdi. Bu haqda “O‘zA” xabar bermoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim, Madaniyat va sport ishlari, Sog‘liqni saqlash vazirliklari, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, Mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, “Nuroniy” jamg‘armasi hamkorligida yoshlarni harbiy xizmatga tayyorlash, ularda vatanparvarlik tuyg‘usini yanada mustahkamlash maqsadida o‘tkazilayotgan an'anaviy musobaqa ishtirokchilari merganlik, kross, turnikda tortilish, granata uloqtirish, to‘siqli yo‘laklardan o‘tish, joy topografiyasi kabi harbiy-sport hamda ijtimoiy-huquqiy tayyorgarlik, xorijiy til bilimdonligi singari shartlar bo‘yicha bahslashdi.
Musobaqada barcha shartlarda yuqori natijaga erishgan Namangan qurilish va dizayn kasb-hunar kollejining “Lochinlar” jamoasi birinchi o‘rinni egalladi.
Abdulla Qodiriy nomidagi Jizzax davlat pedagogika instituti qoshidagi 2-akademik litseyning “Alpomish” jamoasi ikkinchi, Nukus davlat pedagogika instituti qoshidagi 3-akademik litseyning “Amir Temur vorislari” jamoasi uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
G‘oliblar kubok, diplom va tashkilotchilarning esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.