Jamiyat | 21:51 / 02.06.2016
7500
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdagi maktab o‘quvchisi yo‘lbars Amur va echki Temurni ko‘rib kelish uchun sayohat chiptasini qo‘lga kiritdi

Toshkent shahridagi maktablardan birining o‘quvchisi, 8 yoshli Kamila Qosimova «Amur i Timur» multfilmi uchun suratlar tanlovi g‘oliblaridan biriga aylandi va Primore o‘lkasidagi safari bog‘iga borib, bu mashhur yo‘lbars hamda echkini ziyorat qilib qaytish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bu haqda bog‘ saytida ma'lum qilingan.

MDH mamlakatlari bo‘ylab o‘tkazilgan tanlovda jami 12 g‘olib aniqlangan. Yanvar oyidan may oyigacha o‘tkazilgan tanlov uchun Amur va Timur tasvirlangan jami 636ta surat yuborilgan.

Tanlov shartlariga ko‘ra, g‘oliblar safari bog‘i hisobidan safarni amalga oshirishadi. Bog‘ direktori Dmitriy Mezentsev tanlovda g‘olib bo‘lgan bolalarning ota-onalaridan u bilan 20 iyun kunigacha aloqaga chiqishni so‘ragan.

Yo‘lbars Amur va echki Temurning do‘stligi o‘tgan yilning noyabrida ma'lum bo‘lgach, bu hodisa mashhurlashib ketdi. Echki yo‘lbarsga tushlik uchun keltirilgan, lekin echki yo‘lbarsga hamla qilgan va keyinchalik jonivorla "do‘stlashib" ketgandi.

Bu jonivorlar safari bog‘ini butun dunyoga mashhur qilib yuborishdi. Ularning noodatiy do‘stligi haqida filmlar suratga olingan, ular nomi bilan brendlar paydo bo‘lgan va ijtimoiy tarmoqlarda ular uchun sahifalar ochilgan.