Turkiya bosh vaziri: GFRda arman genotsidini tan olish bo‘yicha ovoz berish orqali biz bilan do‘stlik ham sinovdan o‘tkazilmoqda
Turkiya bosh vaziri Binoli Yildirim 2 iyun kuni Germaniyada o‘tkazilayotgan arman genotsidini tan olish bo‘yicha ovoz berish jarayonini Germaniya va Turkiya o‘rtasidagi "do‘stlik sinovi" sifatida baholadi.
"1915 yilgi voqea uchun bizga javobgarlik yuklashga urinish birinchi marta ham, oxirgi marta ham emas. Bizga do‘st sanaluvchi ba'zi davlatlar ichki muammolarga duch kelgach, fuqarolarning e'tiborini boshqa mavzularga qaratishga urinmoqda", degan Yildirim.
U "bugun Germaniya Turkiya bilan do‘stligini sinovdan o‘tkazayotgani"ni ta'kidlagan.
U Germaniyada 3,5 mln etnik turklar yashashi, ulardan 400 ming nafari Germaniya iqtisodiyoti uchun milliardlab yevro keltiruvchi tadbirkorlar ekanini eslatib o‘tgan.
"O‘ylaymanki, Germaniya bunday katta miqdordagi saylovchilarni ranjitishga haqli emas", deya qayd etgan vazir.
Bundan oldinroq, Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bundestag arman genotsidini tan olish orqali Anqara va Berlin munosabatlariga jiddiy zarar keltirishi mumkinligidan ogohlantirgandi.