Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Al-Fallujada xudkush o‘zini portlatishi tufayli iroqlik 40 askar halok bo‘ldi
Al-Falluja qamalini davom ettirayotgan Iroq harbiylari IShIDning xudkush terrorchisi hujumiga duch kelishdi. Ma'lum qilinishicha, "Al-Xashd ash-Shaabi" nomli ko‘ngillilar bo‘linmasining kamida 40 nafar askari terrorchi sodir etgan portlashlar qurboniga aylangan.
Bundan oldinroq, Iroq hukumati vakili Basam al-Husayni 1 hafta ichida Al-Falluja shahri IShIDdan to‘la tortib olinishiga va'da bergandi.
Iroq bosh vaziri Haydar al-Obodiy 23 may kuniga o‘tar kechasi Al-Falluja shahrini ozod etish uchun jang boshlangani haqida ma'lum qildi. Shahar 2014 yili IShID tomonidan Iroq hududida bosib olingan ilk shahar hisoblanadi. Ushbu shahar Iroq poytaxti Bag‘dod shahridan 80 km masofada joylashgan. Bu shaharda tayyorlangan jangarilar Bag‘dodda tinimsiz ravishda teraktlar sodir etib kelmoqda.
Al-Fallujaga hujum sur'ati sekinlashuviga bu shahardagi taxminan 50 ming kishi jangarilar qo‘lida bo‘lib, ularning hayoti xavf ostida qolayotgani, jangarilar ulardan "jonli qalqon" sifatida foydalanayotgani sabab bo‘lmoqda.
Iroqning yana bir yirik shahri, IShIDning Iroqdagi poytaxti sanaladigan Mo‘sul ham jangarilar qo‘lida qolmoqda. Mo‘sulni ozod etish uchun Iroq kurdlari lashkarlari, Iroq armiyasi bo‘linmalari hamda shialardan tuzilgan "Al-Xashd ash-Shaabi" otryadlari urush olib bormoqda.