Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ekvator Gvineyasiga qarshi bekor qilingan o‘yinga olingan chiptalar orqali Suriyaga qarshi o‘yinga tushish mumkin bo‘ladi
O‘zbekiston futbol federatsiyasi rasmiy saytida "O‘zbekiston - Ekvatorial Gvineya uchrashuviga chipta sotib olganlar diqqatiga" sarlavhasi ostida xabar berildi.
"Bekor qilingan O‘zbekiston-Ekvatorial Gvineya o‘rtoqlik o‘yiniga sotib olingan chiptalar bilan 1 sentabr kuni Toshkentda o‘tkaziladigan O‘zbekiston-Suriya uchrashuviga kirish mumkin bo‘ladi. O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi ishqibozlarning talab va istaklaridan kelib chiqqan holda bekor qilingan o‘rtoqlik o‘yinining chiptasini Suriyaga qarshi o‘yin uchun haqiqiy deb e'lon qiladi", deyilgan xabarda.
O‘zbekiston-Ekvator Gvineyasi uchrashuviga sotib olingan chiptalarni avgust oyida “Bunyodkor” stadioni kassalarida O‘zbekiston-Suriya o‘yinining chiptasiga almashtirish mumkin. Almashtirish asnosida faqat chiptaning o‘zi bo‘lishi kifoya qiladi.
Buning uchun qo‘lida O‘zbekiston-Ekvator Gvineyasi o‘yinining chiptasi bor ishqiboz 1 sentabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston va Suriya o‘rtasidagi o‘yin arafasida “Bunyodkor” stadionining maxsus kassasiga kelib, chiptasini O‘zbekiston-Suriya o‘yini chiptasiga almashtiradi. Almashtirilayotgan chipta qaysi sektor va joyga sotib olingan bo‘lsa, o‘sha sektor va joy ko‘rsatilgan yangi chipta beriladi.
Shunday qilib, 1 sentabrdagi o‘yin uchun Ekvator Gvineyasiga qarshi o‘yinga sotilgan joylarga chipta sotilmaydi va u faqat eski chiptaga almashtirib beriladi.
Chiptani almashtirish tartibi haqida Suriyaga qarshi uchrashuv arafasida qo‘shimcha e'lon beriladi.
Shu bilan birga chiptani almashtirmay, pulini qaytarishni istagan ishqibozlar o‘rnatilgan tartibda “Bunyodkor” stadioni ma'muriyatiga murojaat qilishlari mumkin.
Eslatib o‘tamiz, 2 iyun kuni O‘zbekiston milliy terma jamoasi «Bunyodkor» stadionida xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazishi kerak edi. Ammo birin-ketin Qirg‘iziston va Ekvatorial Gvineya termalari bilan bellashuv bekor bo‘ldi.
31 may kuni O‘FF Ekvator Gvineyasi bilan o‘yin uchun sotilgan chiptalarni qaytarish shartlari ma'lum qildi. Unga ko‘ra, chiptalar pulini qaytarib olishni istagan muxlislar chipta bilan birgalikda, ariza, dalolatnoma, propiska ma'lumotlari ko‘rsatilgan pasport ham taqdim etishi kerak edi.