Jahon | 12:13 / 03.06.2016
8690
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy poytaxti Pekin shahrida "ShHT Xartiyasi" zali ochildi

"ShHT Xartiyasi" tantanalar zali tashkilotning Pekindagi bosh qarorgohida ochilib, unda yuqori darajadagi mehmonlar bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tadi. 

Zalning ramziy tantanali ochilish marosimida, ShHT bosh kotibi Rashid Alimov va O‘zbekistonning XXRdagi elchisi Doniyor Qurbonov, tashkilotning boshqa asoschi davlatlari vakillari ishtirok etgan. Zalning asosiy bezagi, tashkilot bosh hujjati-ShHT Xartiyasining marmar nusxasi hisoblanadi. 

"14 yil muqaddam, 2002 yil 7 iyunida, davlat rahbarlarining Sankt-Peterburgdagi uchrashuvida, tashkilotning bosh hujjati – "ShHT Xartiyasi" imzolangan edi. U, xalqaro munosabatlar amaliyotiga yangicha nigoh olib kirdi.  Xartiya, tashkilot ilk bor kengayayotgan shu kunlarda, yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda", — degan Alimov marosimda. 

ShHT bosh kotibi shuningdek, asoschi davlatlar vakillariga, Xartiyaning original imzolar tushirilgan faksimil nusxalarini "abadiy saqlash uchun" topshirgan. 

"ShHT Xartiyasi" zalining ochilishi, tashkilotga a'zo davlat rahbarlarining yubiley sammitiga tayyorgarlik doirasida tashkil etilgan. Yubiley anjumani shu yilning 23-24 iyun kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadi. Uning shiori, "Shanxay – bizning umumiy uyimiz"dir. 

2014 yildan buyon, ShHTning Pekindagi bosh qarorgohida, "Ostona", "Bishkek" "Toshkent", "Pekin" va "Moskva" zallari ochilgan edi. Yubiley sammiti arafasida, "Shanxay" va "Dushanbe" zallari ochlishi ham rejalashtirilgan.