Sport | 10:46 / 03.06.2016
4979
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistonda maktabdan qaytayotgan 6-sinf o‘quvchisi tasodifan marafon ishtirokchisiga aylandi

Maktab o‘quvchisi Bekjan Karmishakov tasodifan Issiqko‘ldagi Run The Silk Road poygasida ishtirok etdi. Poyga uchun Bosteri qishlog‘idan Temir aholi punktigacha bo‘lgan 20 kilometrli yo‘l berkitildi. 12 yoshli bola maktabdan uyga qaytayotib, yugurib ketayotgan odamlarni ko‘rgan va ularga qo‘shilib ketgan. 

Marafon davomida Bekjan boshqa ishtirokchilarga onasi tushlik uchun tayyorlab bergan yeguliklardan ulashgan. Natijada u 21 kilometr masofani bosib o‘tgan.  

"Barcha yugurib ketayotgani uchun men ham ularga qo‘shilib yuguraverdim. Onam maktabda yeyishim uchun tushlik solib bergan edi, men esa yo‘l davomida yeguliklarni barchaga tarqatdim. Men tongda yuguraman, shu sababli bu masofani yugurib o‘tish qiyin bo‘lmadi", -  deydi marafon ishtirkchisi Bekjan Karmishakov.

Tashkilotchilar o‘smirga medal hamda diplom topshirishdi. Shuningdek, u kelasi marafonlarda bepul ishtirok etishi uchun sertifikat bilan ham taqdirlandi.

"Bekjanni Bishkekdagi yengil atletika bo‘yicha Sport maktabiga taklif qilishdi. U yerda kelasi marafonlarda ishtirok etish uchun tayyorgarlik ko‘rish mumkin. U bizni hayron qoldirdi, navbatdagi tadbirlarda ham uni kutib qolamiz", - deydi Run The Silk Road marafoni tashkilotchisi Nurlan Jumanaliyev.