Iqtisodiyot | 16:14 / 03.06.2016
4476
2 daqiqa o‘qiladi

Saudiya yangi neft vaziri: neft narxini talab va taklif belgilashi lozim

Saudiya Arabistoni yangi neft vazirining aytishicha, OPeKning Venadagi uchrashuvidan so‘ng, tashkilot xom-ashyo yetkazib berish hajmi bilan neft narxiga ta'sir etishda davom etadi, deb o‘ylash noto‘g‘ri. Uning so‘zlariga ko‘ra, neft ishlab chiqaruvchilari, bozorning o‘zi narxni bir maromga keltirishiga imkon berishi kerak. 

The New York Times gazetasining yozishicha, Saudiya Arabistoni energetika va sanoat vaziri Xolid al-Falix, OPeKning uchrashuvidan so‘ng, uning xonasida to‘plangan bir necha jurnalistlar bilan suhbatda shunday bayonot bergan. 

«O‘ylashimcha, odatdagi usul bilan neft narxini me'yorga keltirish balki kelgusida umuman takrorlanmasligi mumkin», — degan vazir. «Shunga ko‘ra, biz yangi narxlar oralig‘iga oid aniq fikrlarni taklif etmaymiz». 

Al-Falixga ko‘ra, neft eksport qiluvchilar «bozordagi talab va taklifdan kelib chiqqan holda qiymat belgilanishiga imkon berishlari kerak».

OPeKning boshqa a'zolari, neft qazib olish hajmini muzlatish yoki kamaytirish taklifini ilgari surayotgan bir vaqtda, al-Falix neft qazib olish hajmini hozirgi ko‘rsatkichda saqlab qolish va Saudiya mablag‘larini daromad keltiruvchi boshqa sohalarga yo‘naltirishni tavsiya etmoqda, deb yozgan The New York Times.

OPeK mamlakatlari 2 iyun kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida, neft qazib olish kvotasi bo‘yicha aniq to‘xtamga kela olmadi. Ayni vaqtda, 2011 yilda belgilangan kuniga 30 mln barrel neft qazib olish kvotasiga amal qilinadi.