Suriya armiyasi IShID poytaxti atrofidagi hududlarni egallash uchun navbatdagi hujumga kirishdi
Suriya armiyasi IShID poytaxti sifatida hisoblanadigan Raqqa shahri yo‘nalishida hujum boshladi. Bu haqda Livandagi Al-Akhbar gazetasi xabar bergan.
Bundan oldinroq, Raqqani ozod etish uchun muxolifatdagi "Suriya demokratik kuchlari" otryadlari jang boshlagani haqida ma'lum qilingandi.
Nashrning ma'lumotiga ko‘ra, yangi amaliyotni boshlash bo‘yicha qaror Suriya hukumati tomonidan mamlakat shimoli-sharqidagi Deyr az-Zor shahriga hujum qilish rejasi bekor bo‘lganidan keyin qabul qilingan. Hukumat birinchi navbatda Raqqaga olib boruvchi yo‘lda joylashgan At-Tabka shahrini egallash muhim deb hisoblamoqda.
Nashrda yozilishicha, Suriya armiyasi bo‘linmalari bir necha kundan buyon Hama viloyatidagi Asriya shaharchasidan turib Raqqaga yurish boshlashga tayyorlanmoqda.
2 iyun kuni Suriya armiyasi Asriyadan chiqib, 80 km masofadagi At-Tabka shahrida o‘rnashgan IShID jangarilariga qarshi hujum boshlagani xabar qilingandi.
Bu amaliyotdan maqsad Raqqani egallash emas, At-Tabkaga yaqinlashib, Al-Asad suv omborida nazorat o‘rnatish hisoblanadi.
Bu hujum fevral oyida rejalashtirilgan, ammo oy oxirida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha bitim tuzilishi bu hujumni kechiktirgan.