Sport | 19:36 / 03.06.2016
5398
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda «Olimpiya kuni» sport tadbiri bo‘lib o‘tdi

Bugun, 3 iyun kuni O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasida an'anaviy tarzda o‘tkazib kelinadigan “Olimpiya kuni” sport bayrami keng nishonlandi. 

Xalqaro olimpiya qo‘mitasi shafeligi hamda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Milliy paralimpiya assotsiatsiyasi hamda Olimpiya sport turlari bo‘yicha federatsiyalar rahbarlari, to‘rt yillikning eng yirik sport bayramida vatan sharafini munosib himoya qilib, sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan sportchilar, shuningdek, “Olimpiya kuni”da qatnashish istagini bildirgan 5 yoshdan qariyib yuz yoshgacha bo‘lgandar, OAV xodimlari jam bo‘ldi.

Bu yilgi “Olimpiya kuni” bir qator jihatlari bilan avvalgilardan yaqqol ajralib turdi. Jumladan, ishtirok etish istagida bo‘lganlar sonining ko‘pligi bilan (1000 nafardan ziyod). Qatnashchilar turli masofalarga o‘tkazilgan yugurish musobaqalari bilan birga, sportning boks, taekvondo (WTF), dzyudo, velosport, stol tennisi, yengil atletika va kamondan otish turlari bo‘yicha o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazdi. 

O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi hududida o‘tkazilgan musobaqalar 21 ta guruhda o‘tkazilib, 5 yosh va undan katta bo‘lgan ishtirokchilar turli masofalarga (50 metrdan 1609 metrgacha) yugurish bo‘yicha bahs yuritdi.

O‘ttiz nafardan ziyod ijodkorlar ishtirokida bo‘lib o‘tgan musobaqada “Turkiston-press” axborot agentligi xodimi Shahzod To‘rayev marra chizig‘iga birinchi bo‘lib yetib keldi. 

“Olimpiya kuni” dunyoda eng ommaviy tarzda nishonlanadigan sport bayramlaridan biri hisoblanib, har yili Xalqaro olimpiya qo‘mitasiga a'zo 206 davlatda o‘tkaziladi. Tadbirni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – aholi orasida sog‘lom turmush tarzini hamda olimpizm g‘oyalarini keng targ‘ib etish, katta-yu, kichik qalbida jismoniy tarbiya va sportga bo‘lgan mexrni yanada yuksaltirishdan iboratdir. 

«Olimpiya kuni»ning barcha ishtirokchilari Xalqaro Olimpiya qo‘mitasining maxsus sertifikatlari bilan taqdirlandi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish