Kolumbiya terma jamoasi AQSh termasini mag‘lub etdi
Kolumbiya terma jamoasi futbolchilari Amerika kubogining ilk o‘yinida AQSh terma jamoasidan 2:0 hisobida ustun keldi.
Gollarni himoyachi Kristian Sapata (8-daqiqa) va yarim himoyachi Xames Rodriges o‘yinning 44-daqiqasida penaltidan kiritgan.
Janubiy Amerika futbol konfederatsiyasi va Janubiy Amerika birinchi chempionatining 100 yilligiga bag‘ishlangan yubiley musobaqaning ochilish o‘yiniga FIFA prezidenti Janni Infantino ham tashrif buyurdi. Mazkur o‘yin, ilk bor Janubiy Amerika qit'asidan tashqarida o‘tkazilgani bilan ham tarixda qoladi.
Kolumbiya va AQSh jamoalari A guruhidan joy olgan bo‘lib, unda shuningdek, Paragvay va Kosta-Rika termalari ham o‘rin olgan. Ularning o‘yini 5 iyun kuni bo‘lib o‘tadi.
Kolumbiya termasining navbatdagi raqibi Paragvay milliy jamoasi bo‘lsa, AQShliklar Kosta-Rika vakillari bilan kuch sinashadi. Ikkala o‘yin ham 8 iyun kuniga belgilangan.