OAV: Turkiya fuqarosi qochqin bolalarni zo‘rlagani uchun 108 yilga qamaldi
Turkiya sudi, suriyalik qochqinlar uchun Gaziantep provinsiyasida barpo etilgan lagerda ishlagan farroshni 108 yillik qamoq jazosiga mahkum etdi. U, lagerda istiqomat qilgan bolalarga jinsiy tajovuz jinoyatlarini sodir etganlikda aybdor topilgan, deb yozmoqda mamlakatda chop etiladigan Hurriyet gazetasi.
29-yoshli zo‘ravon, 2015 yil sentabr oyida ushlangan edi. U, 3 oy mobaynida 8-12 yoshli bolalarga nisbatan o‘z jinoyatlarini lager hojatxonasida amalga oshirib kelgan. Buning uchun, bachchaboz ularga uncha ko‘p bo‘lmagan pul ham bergan.
Avvalroq turk OAV, 8 nafar zo‘rlangan bolaning ota-onasi jinoyatchi ustidan sudga murojaat qilgani haqida xabar qilgan edi. Boshqalari esa, qochqin maqomini yo‘qotib qo‘yishdan xavfsirab, bunday choraga qo‘l urishdan o‘zlarini tiyishgan.
Bu jinoyat, Turkiya jamoatchiligida keskin aks-sado berdi. Bundan tashqari, 2,7 milliondan ortiq suriyalik qochqinlar ham o‘z huquqlari ta'minlanishini talab qilishgandi.