Andijonda sambo bo‘yicha Osiyo chempionati g‘oliblari munosib kutib olindi
26-30 may kunlari Turkmanistonning Ashxobod shahrida sambo bo‘yicha Osiyo chempionati bo‘lib o‘tdi. 17 davlatdan kelgan sportchilar orasida mamlakatimiz terma jamoasi 55ta medallar (20ta oltin) shodasini qo‘lga kiritib, faxrli ikkinchi o‘rinni egalladi.
O‘zbekiston terma jamoasi safidagi andijonlik atletlar ham o‘zlarini ko‘rsatdilar. Viloyatning Olimpiya zahiralari kolleji va yakkakurash sport turlariga ixtisoslashgan BO‘SM tarbiyalanuvchilarining qit'a miqiyosida o‘tkazilgan nufuzli musobaqadagi ishtiroki muvaffaqiyatli bo‘ldi.
Jumladan, Ulug‘bek Mamajonov 48 kilogramm vazn toifasida, Sherzod Rasulov 62 kg vaznda birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, qizlar o‘rtasidagi bahslarda Hojiniso Kamoldinova(70 kg) va Malikabonu Mirzayeva(56)lar o‘z toifalarida chempionlikni qo‘lga kiritdilar. Sardorbek To‘lanov, Zarnigor O‘rmonova, Sevara Muhammadyuldasheva, Rahmat Ahmedovlar ikkinchi o‘rin, Jahongir Mashrapov, Jasurbek Sodiqov, Oydinoy Bozorova, Navro‘zbek Nazarovlar esa uchinchi o‘rin sohibiga aylandilar.
Kuni kecha Andijon olimpiya zahiralari kollejida g‘olib va sovrindor sportchilarimizni tantanali kutib olish marosimi o‘tkazildi.
Viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Muhammadjon Nishonov yosh atletlarimizni erishgan yutuqlari bilan tabriklab, ularga viloyat hokimligining esdalik sovg‘alarini topshirdi.
Elmurod ERMATOV, Andijon.