Bahraynda Eronga qochib o‘tmoqchi bo‘lgan 8 kishi tutildi
Bahrayn sohil bo‘yi xizmati dengiz orqali Eronga o‘tib ketmoqchi bo‘lgan 8 kishini qo‘lga oldi. RIA Novosti nashrining Bahrayn IIVga asoslanib xabar qilishicha, bu shaxslar qirollikda terrorizmga aloqadorlikda gumonlanib qidiruvda bo‘lgan.
Sohil xizmati xodimlari shanba kuni kechqurun Bahrayn shimolida noqonuniy harakatlanishda bo‘lgan kichik kemani to‘xtatgan. Undagi 8 yo‘lovchidan tashqari, kapitan va yordamchisi ham qo‘lga olingan.
Bahrayn IIVning hisoblashicha, qo‘lga olinganlardan biri terrorchilik bilan shug‘ullangani uchun sirtdan umrbod qamoq jazosiga hukm qilingandi.
Bahraynda muxolifatdagi shia guruhlari a'zolari terrorchilar sifatida qabul qilinadi. Bunday guruhlar huquq tartibot organlari xodimlariga hujumlar uyushtirishda ayblanadi.