Dunyodagi eng katta kruiz layneri Barselonaga yetib keldi
Dunyodagi eng katta sayohat kemasi yakshanba kuni Barselona portiga tashrif buyurdi, deb yozadi El Periodico.
Layner Fransiyaning Sen-Nazar shahridan 15 may kuni yo‘lga chiqqan edi. Kema Buyuk Britaniyaning janubiy sohilidagi Sauthempton portiga jo‘nadi va u yerdan ilk yo‘lovchilarni oldi. Bu hafta davomida u Vigo (Pontevedra provinsiyasi, Galisiya muxtor hamjamiyati) va Malaga (Andalusiya muxtor hamjamiyati)da qisqa to‘xtalishlar amalga oshirildi. Shundan so‘ng kema yozgi mavsumda vaqtinchalik baza vazifasini o‘taydigan Barselona tomon yo‘l oldi.
Harmony of the seas nomli kruiz laynerining suvdagi hajmi 227,5 ming tonna, kengligi — 66 metr, uzunligi — 362 metrni tashkil etadi. Uning qurilish ishlariga 32 oy vaqt ketgan. Bortga 6 780 yo‘lovchi va 2 100 ekipaj a'zosi sig‘a oladi.
Yozgi mavsum davomida layner Las-Palmas, Marsel, Spetsiya, Neapol va boshqa shaharlarda to‘xtab o‘tib, O‘rta Yer dengizi bo‘ylab yetti kunlik sayohatni amalga oshiradi. Taxminlarga ko‘ra, mavsumda 140 mingga yaqin kishi kemaga chiqadi.
Kuz mavsumida Harmony of the seas kemasi Atlantika okeanini kesib o‘tib, Fort-Loderdeyl (Florida)ga yetib keladi va shu yerdan Karib dengizi bo‘ylab sayohatni davom ettiradi.
Bortda teatr, muz uchish maydoni, 20ta restoran, tijorat galereyalari, kazino, sportzal, basseynlar, basketbol maydoni, bog‘, suv attraksionlari va boshqalar mavjud bo‘lib, u yerdagi barlarning birida mijozlarga robotlar xizmat qiladi.
Harmony of the seas kemasigacha dunyodagi eng katta yo‘lovchi tashish transporti maqomi 2010 yilda ishga tushirilgan Allure of the Seas’ga tegishli bo‘lgan.