Jahon | 17:12 / 05.06.2016
7086
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy AQSh Janubiy Koreyaga raketaga qarshi mudofaa tizimi joylashtirishiga qarshi chiqdi

Xitoy yana bir marta Janubiy Koreyada AQShning THAAD (Terminal High Altitude Area Defense) raketaga qarshi mudofaa tizimi joylashtirilishiga qarshi chiqdi. Xitoyliklar bu qadam mintaqadagi barqarorlikka rahna solishidan tashvishda.

AQSh va Janubiy Koreya shu yilning mart oyida KXDR sun'iy yo‘ldoshli raketa uchirganiga javoban yarim orol hududida  vaqtincha qo‘shimcha raketaga qarshi himoya batareyasini joylashtirgandi. Shu bilan birgalikda hududda raketaga qarshi himoya tizimi joylashtirilishi yuzasidan rasmiy muzokaralar boshlangandi.

Xitoy esa THAAD joylashtirilishi rejasi o‘z xavfsizligiga tahdid ekanini ta'kidlab kelmoqda.

"Xitoy amerikaliklarning THAAD tizimi Janubiy Koreyada bo‘lishini mintaqadagi barqaror vaziyatni buzuvchi omil sifatida hisoblaydi", deydi XXR Mudofaa vazirligi tarkibidagi Markaziy harbiy kengash birlashmasi shtabi rahbari o‘rinbosari admiral Sun Tszyango Singapurdagi xavfsizlik masalalariga bag‘ishlangan "Shangri-La dialog" konferensiyasi vaqtida.

Uning aytishicha, barcha mintaqadagi barcha mamlakatlar bu rejaga e'tirozini bildirishi kerak. U Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi barcha mamlakatlar sovuq urush xususiyatlarini ifodalovchi bu harakatlarga qarshi chiqib, dialoglar vositasida o‘zaro aloqalarni mustahkamlashi kerakligini ta'kidlagan.

Sun Tszyango Janubiy Xitoy dengizidagi vaziyat yuzasidan gapirar ekan Xitoy Filippin arbitraji faoliyatini xalqaro huquq normalariga mos emasligini bildirgan.

Xitoy va mintaqadagi bir qator mamlakatlar, jumladan Yaponiya, Vetnam, Filippin Janubiy Xitoy dengizi va Sharqiy Xitoy dengizidagi chegaralar borasida kelisha olmay keladi. Xitoy Filippin va Vetnam AQSh tomonidan mintaqadagi vaziyatni chigallashtirish uchun qo‘llab-quvvatlanishini iddao qiladi.