Jahon | 21:18 / 05.06.2016
6729
2 daqiqa o‘qiladi

Kobulga hujum: 1 deputat va yana 3 kishi o‘ldirildi

Afg‘oniston poytaxti Kobulga hujum qilinishi natijasida bir deputat va tinch aholi vakililaridan 6 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda mahalliy nashrlar xabar tarqatgan.

Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, parlament deputati Sher Vali Vardak o‘z uyi oldida amalga oshirilgan portlash tufayli og‘ir tan jarohatlari olgan va shifoxonaga borish yo‘lida halok bo‘lgan.

Bu hujum uchun javobgarlikni "Tolibon" jangarilari zimmasiga olgan.

5 iyun kunining birinchi yarmida mamlakat sharqidagi Puli Alam shahridagi sud binosiga hujum amalga oshirilgan. Bu hujum yakunida tolibon jangarilari tomonidan kamida 7 nafar kishi o‘ldirilgan, ular orasida apellyatsion sudning yangi rahbari ham bor. Hujum qiluvchilar hududga politsiyachilar libosida kirib kelishgan.

"Tolibon" vakili bu hujumlar may oyida qamoqdagi 6 nafar tolibonning o‘ldirilishiga javob ekanini ma'lum qildi.

May oyi oxirida "Tolibon"da rahbariyat o‘zgardi. AQSh tomonidan qilingan hujum natijasida halok bo‘lgan mulla Axtar Mansurning o‘rnini Habatulla Oxunzoda egalladi.