Qozog‘istonda qurol do‘koni va harbiy qismga hujum qilindi
Qozog‘istonning Aqto‘be shahrining 3ta tumanida otishmalar yuz berdi. Qozog‘iston IIV ma'lumotiga ko‘ra, otishmalar davomida 3 kishi halok bo‘lib, 10dan ortiq kishi jarohatlangan.
Ma'lum qilinishicha, noma'lum shaxslar qurol sotiladigan do‘konga hamda harbiy qismga hujum qilishgan.
"Do‘konga hujum qilganlar sotuvchini o‘ldirishgan, yana bir kishi jarohatlangan", deya IIV matbuot xizmati vakili Almas Sadubayevning so‘zlarini keltiradi "Interfaks" agentligi.
Shuningdek, harbiy qismga uyushtirilgan hujum natijasida bir zobit va bir harbiy xizmatchi halok bo‘lgan hamda 9 harbiy xizmatchi jarohatlangan.
Shahardagi savdo markazlari hamda yirik do‘konlar yopib qo‘yilgan, odamlar evakuatsiya qilingan. Shuningdek, jamoat transporti harakati va ko‘ngilochar majmualar faoliyati to‘xtatilgan.
Qozog‘iston IIV ma'lumotiga ko‘ra, hujum qilganlarning 3 nafari o‘ldirilgan, 1 kishi qo‘lga olingan.
"Bir necha jinoyatchi binolardan biri ichida qamalda qolgan, yana bir qanchasi qochib ketdi. Ularni qo‘lga olish bo‘yicha harakatlar olib borilmoqda", deyilgan xabarda.
Sadubayevning taxmin qilishicha, hujum qiluvchilar "noan'anaviy diniy mahzab vakillari" hisoblanishadi.
Shaharda ayni vaqtda aksilterror amaliyotlar rejimi joriy etilgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda hodisaga doir fotosuratlar va videolar tarqalgan.